O‘zbekiston Prezidenti raisligida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi

Avgust 13, 2026. 18:25 • 4 daq

59
O‘zbekiston Prezidenti raisligida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi

TOSHKENT, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi yuzasidan axborot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda anʼanaga aylangan ushbu muloqot tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni bevosita o‘rganish, ularga amaliy yechim topish va ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bo‘lajak oltinchi ochiq muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab 24/7 rejimda uzluksiz faoliyat yuritmoqda.

Koll-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqinini ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Tayyorgarlik doirasida masʼul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi va 3,5 mingdan ziyod taklif hamda masalalar bildirildi.

Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani o‘rtaga tashladi. Aniqlangan muammolarni tubdan hal qilish va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 5 ming 72 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. U orqali korxonalar samaradorligi, investitsiya va infratuzilma taʼminoti, soliq maʼmurchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohasidagi masalalar o‘rganildi.

So‘rov ishtirokchilarining 93 foizini mahalliy xususiy korxonalar tashkil etdi. Unda savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari qamrab olindi.

Tahlillar korxonalarda mehnat unumdorligini oshirish va tannarxni pasaytirish bo‘yicha hali katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi. Raqamli platformalar, sunʼiy intellekt, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi mahsulot va ishlab chiqarish usullarini joriy etgan korxonalarda sotuv, raqobatbardoshlik, ish haqi va investitsiya ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lmoqda.

Xususan, kamida uchta samaradorlik chorasini joriy etgan korxonalarda tannarxni pasaytirish ehtimoli 4,1 barobar, ish haqini yuqori surʼatda oshirish imkoniyati 2,1 barobar ko‘p. Biroq bunday choralarni uch va undan ortiq yo‘nalishda qo‘llayotgan korxonalar ulushi atigi 11,6 foizni tashkil etgan. 28,5 foiz korxona esa bu borada birorta ham chora ko‘rmagan.

Korxonalarning 51 foizida so‘nggi davrda yangi mahsulot, xizmat yoki innovatsiya joriy etilmagan, modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagan. 40 foiz korxona oxirgi bir yilda umuman investitsiya kiritmagan, 29 foizida kelgusi bir yil uchun ham bunday reja mavjud emas. Kredit foizlarining yuqoriligi, garovni past baholash, hujjatlarning ko‘pligi va kredit rasmiylashtirish muddatlarining uzoqligi asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 38 foizi tannarxni pasaytirish choralarini ko‘rmagan. 53 foizida mahsulot va xizmatlar tannarxi oshgan. Bunga asosan xomashyo narxi, energiya va logistika xarajatlarining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, 43 foiz korxona energiya tejash choralarini ko‘rmagan, 49 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanmaydi.

Infratuzilma taʼminoti ham tadbirkorlarni qiynayotgan asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. So‘rovnomada tadbirkorlar tez-tez uzilishlar, kuchlanish va bosimning pastligi, limit hamda tariflar bilan bog‘liq masalalarni qayd etgan.

So‘rov ishtirokchilari soliq maʼmurchiligi bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilganini eʼtirof etgan holda, tekshiruvlar o‘tkazish va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bilan bog‘liq jarayonlarda mavjud muammolarni ko‘rsatib o‘tgan. Shu bilan birga, tadbirkorlarning 94 foizi barqarorlik reytingi amaliyotining ular faoliyatiga taʼsirini yuqori baholagan.

So‘rovda qatnashgan korxonalarning 22,3 foizi tashqi savdo bilan shug‘ullanadi. Xorijlik mijoz topish, mahsulotni sertifikatlash, logistika, moliyaviy vositalar, bojxona jarayonlari, bozor haqida maʼlumot va marketing ko‘nikmalarining yetishmasligi eksportdagi asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatilgan.

Sud-huquq sohasida malakali yuridik yordam olish imkoniyati va davlat xaridlari shaffofligi ijobiy baholangan. Ayni paytda tadbirkorlarning 73 foizi majburiy ijrodagi byurokratik jarayonlar biznesga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganini bildirgan.

Davlatimiz rahbari kelib tushgan murojaatlar va so‘rov natijalarini hududlar hamda sohalar kesimida chuqur tahlil qilib, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Korxonalar samaradorligini oshirish, innovatsiya va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, kredit va infratuzilma masalalarini hal qilish, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan takliflar tayyorlash topshirildi.

Ochiq muloqotda ko‘tariladigan har bir masala bo‘yicha aniq yechim, uni amalga oshirish mexanizmi, masʼullar va muddatlarni belgilash vazifasi qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish