JSST: Kongo Demokratik Respublikasida Ebola kasalligining tarqalish ko‘lami har 20 kunda ikki barobarga ortmoqda

Avgust 13, 2026. 18:30 • 3 daq

113
JSST: Kongo Demokratik Respublikasida Ebola kasalligining tarqalish ko‘lami har 20 kunda ikki barobarga ortmoqda
“AFP” agentligi surati

KINSHASA, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi jadal surʼatlarda tarqalishda davom etmoqda: ayni paytda kasallikning tarqalish ko‘lami taxminan har 20 kunda ikki barobarga ortmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BMT yangiliklari”ga tayanib.

KDR hukumati kasallikning 4449 ta tasdiqlangan holati va 2061 ta o‘lim qayd etilganini maʼlum qildi. Shunday qilib, tashxis qo‘yilgan har ikkinchi bemor vafot etmoqda. Hozirgi kasallik avj olishiga kam uchraydigan Bundibujio virusi sabab bo‘lgan.

JSST maʼlumotlariga ko‘ra, infeksiyaning tarqalishi fevral oyidayoq boshlangan, biroq dastlab ayrim holatlar bezgak yoki qorin tifi deb xato talqin qilingan bo‘lishi mumkin.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning ogohlantirishicha, agar hozirgi surʼat saqlanib qolsa, kasallik avj olish ko‘lami bo‘yicha 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada 11 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan epidemiyadan ham oshib ketishi mumkin. Shu bilan birga, JSST virusning yuqishini uch oy ichida nazorat ostiga olishni rejalashtirmoqda.

Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismidagi beqarorlik vaziyatni yana-da murakkablashtirmoqda. JSSTning Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Muhammad Janabiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda tibbiyot xodimlari kasallik qayd etilgan holatlarning atigi 30 foizigagina yetib bora olyapti.

“Biz virusni quvmoqdamiz, ammo virus bizdan o‘zib ketmoqda”, – dedi Muhammad Janabiy hamda bemorlarni aniqlash va izolyatsiya qilish choralarini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Bundibujio virusiga qarshi ikkita vaksina ilk bor odamlarda sinovdan o‘tkazila boshlandi. Ulardan biri Oksford universiteti jamoasi tomonidan COVID-19ga qarshi “Oxford-AstraZeneca” vaksinasini yaratishda qo‘llanilgan texnologiya asosida ishlab chiqilgan. Yana uchta guruh esa hozircha klinik sinovlar bosqichiga yetib bormagan boshqa vaksinalar ustida ishlamoqda.

Shu bilan birga, Ebola virusining keng tarqalgan Zair turiga qarshi vaksinalarning hayvonlardagi ikki sinovi yakunlandi. JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, natijalar hayvonlarda umidbaxsh o‘zaro himoyani namoyon etgan. JSST klinik sinovlarning uchinchi bosqichiga o‘tishni tavsiya qildi.

“Biz bu vaksinaning odamlarda Bundibujioga qarshi samarador yoki yo‘qligini bilmaymiz va aynan shuning uchun ham bizga sinovlarning yangi bosqichi kerak, – deya qayd etdi Tedros Adxanom Gebreyesus. – JSST, hukumatlar yoki “Africa CDC” bu ishni yolg‘iz o‘zi qilayotgani yo‘q. Biz yagona jamoa bo‘lib birgalikda harakat qilmoqdamiz”.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish