Shahrisabzda “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” V Xalqaro ekologiya qurultoyi boshlandi

Avgust 13, 2026. 19:00 • 2 daq

66
Shahrisabzda “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” V Xalqaro ekologiya qurultoyi boshlandi

SHAHRISABZ, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” V Xalqaro ekologiya qurultoyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ziyoda Aminova, mutasaddi tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijlik yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, tadbir davomida Zarrina Abdullayeva qurultoy qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrigini o‘qib eshittirdi.

Tabrikda bugungi kunda ekologik masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, yoshlarning bu boradagi tashabbuskorligi va faolligi xususida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Qurultoy mahalliy va xorijiy yoshlarni atrof-muhitni asrashdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirayotgani alohida taʼkidlandi. Ziyoda Aminova ham ekologik muammolarga yechim topishda yoshlarning g‘oyalari muhim o‘rin tutishini aytib o‘tdi.

Ochilish marosimi doirasida har bir hududdagi “Yosh ekologlar” harakati kengashlari raislariga ishonch yorliqlari topshirildi. O‘zbek estradasi yulduzlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Qurultoy davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Belarus kabi davlatlar hamda yurtimizning barcha hududlaridan mingga yaqin yosh eko-faollar ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida qator tanlov va musobaqalar, taqdimot va ko‘rgazmalar, uchrashuv va eko-aksiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qurultoy dasturidan, “Eng yaxshi ekologik loyiha”, “Yosh ekologlar” harakatining eng yaxshi kengashi”, “Eko-zakovat” va “Quvnoqlar va zukkolar” kabi xalqaro tanlovlar ham o‘rin olgan.

Xalqaro qurultoy yoshlarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatiga keng jalb etish, ekologiya sohasidagi istiqbolli g‘oya va loyihalarni ro‘yobga chiqarish hamda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish