O‘zbekiston va Ichki Mo‘g‘uliston o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda
May 30, 2026. 15:30 • 2 daq
• 138
XUX-XOTO, 30-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston hududi partiya qo‘mitasi kotibi Van Veychjun bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, agrosanoat, yuqori sifatli chorvachilik mahsulotlari va to‘qimachilik xomashyolari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sabzavot va don mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xitoy tomoni muhokama qilingan barcha ustuvor yo‘nalishlarda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda hududlararo sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ikki tomonlama delegatsiyalar almashinuvini faollashtirishga to‘liq tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashinuvni kengaytirish maqsadida respublikamiz viloyatlari va Ichki Mo‘g‘uliston hududi o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi loyihalarni amaliy hayotga tatbiq etish uchun yaqin istiqbolda delegatsiyalar tashriflarini uyushtirishga kelishib olindi.
Ichki Mo‘g‘uliston Xitoyning iqtisodiy jihatdan eng yirik va strategik hududlaridan biri hisoblanadi. Tabiiy resurslarga nihoyatda boy bo‘lgan ushbu mintaqada chorvachilik va sanoatning boshqa tarmoqlari yuqori darajada rivojlangan.
Aholisi soni 23,8 million kishini tashkil etuvchi mazkur o‘lkaning yalpi ichki mahsuloti 383,9 milliard dollardan ortiqdir. Mintaqada yetishtiriladigan asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sirasiga bug‘doy, makkajo‘xori, soya, kartoshka va to‘yimli yem-xashak ekinlari kiradi. Bu esa O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘i vakillari uchun o‘zaro tajriba hamda mahsulot almashinuvi yo‘nalishida keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaning Tochigi prefekturasida biznes forum o‘tkazdi



