AQSH qator davlat fuqarolari uchun 20 ming dollargacha bo‘lgan viza garovini joriy qildi

Avgust 03, 2026. 12:30 • 3 daq

53
AQSH qator davlat fuqarolari uchun 20 ming dollargacha bo‘lgan viza garovini joriy qildi

TOSHKENT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Davlat departamenti B-1/ B-2 toifasidagi sayyohlik va ishbilarmonlik vizalarini olish uchun ayrim ariza beruvchilardan pul garovini talab qilish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi doimiy viza garovi dasturini (Visa Bond Program) joriy etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

AQSH Davlat departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, yangi dastur doirasida ayrim mamlakatlar fuqarolaridan viza berish sharti sifatida 20 ming AQSH dollarigacha garov qo‘yish talab qilinishi mumkin. Ushbu chora xorijiy fuqarolarning Qo‘shma Shtatlarda bo‘lish shartlariga rioya etishi va ruxsat berilgan muddat tugagach, mamlakatni o‘z vaqtida tark etishini taʼminlashga qaratilgan.

AQSH Davlat departamenti tomonidan eʼlon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, dastur 50 ta davlat fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Xususan, ro‘yxatga Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kiritilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ro‘yxatda yo‘q va bugungi kunda yurtimiz fuqarolari B-1/ B-2 vizalarini so‘rab murojaat qilganda viza garovini qo‘yish talabi qo‘llanilmaydi.

Dastur qo‘llaniladigan davlatlar qatorida Osiyo, Afrika, Karib havzasi va Okeaniyaning Bangladesh, Nepal, Mo‘g‘uliston, Nigeriya, Efiopiya, Venesuela, Zambiya va Zimbabve kabi mamlakatlari ham bor.

Hujjatda qayd etilishicha, u yoki bu mamlakatni dasturga kiritish to‘g‘risidagi qaror bir qancha omillarni hisobga olgan holda qabul qilinadi. Ular jumlasiga xorijliklarning AQSHda bo‘lish muddatini buzish darajasi, Amerika idoralari bilan axborot almashish samaradorligi, shaxsni tasdiqlash sifati va hujjatlar xavfsizligini taʼminlash uchun zarur mexanizmlarning mavjudligi kiradi.

Amerika tomonining taʼkidlashicha, viza garovi talabi vizani berish avtomatik tarzda rad etilishini anglatmaydi. Agar ariza beruvchi belgilangan talablarga mos kelsa, konsullik xodimi 10, 15 yoki 20 ming AQSH dollari miqdorida garov qo‘yish zarurligini belgilashi mumkin. Viza shartlariga rioya qilingan va AQSHni o‘z vaqtida tark etilgan taqdirda, to‘langan mablag‘lar qaytarib beriladi.

Dasturning joriy etilishi Amerika tomoni tomonidan migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash va xorijiy fuqarolar tomonidan ruxsat etilgan bo‘lish muddatidan oshib ketish holatlarini kamaytirish vositalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1-avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportiga bortida AQSH migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilingan 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan charter reysi AQSHdan uchib keldi. Vatandoshlarimizning qaytarilishi O‘zbekiston va AQSH vakolatli idoralarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi natijasi bo‘lib, uning doirasida zarur tashkiliy-huquqiy tartib-taomillar kelishib olindi.

O‘zbekiston migratsiya masalalari, jumladan, migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish hamda xorijdagi vatandoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chet eldagi hamkorlar bilan doimiy ravishda hamkorlik davom ettirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish