Felipe Pauler: O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi

Sentabr 06, 2026. 15:30 • 2 daq

99
Felipe Pauler: O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi

SAMARQAND, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, Yoshlar ofisi rahbari Felipe Pauler “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berib, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston hukumati taklifiga binoan Samarqandga kelganimdan juda xursandman. Bu yerda Yosh parlamentariylar konferensiyasida ishtirok etib, nutq so‘zlash imkoniga ega bo‘ldim.

O‘zbekiston parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishda muhim va yetakchi rol o‘ynamoqda. BMT Bosh Assambleyasida parlamentlarning global muammolarni hal etish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi rolini e’tirof etuvchi rezolyutsiya qabul qilingan.

Noaniqliklar tobora kuchayib borayotgan bugungi dunyoda parlamentlarning inson huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishi juda muhim. Dunyoda davom etayotgan nizolar, iqlim o‘zgarishi va raqamli sohadagi jadal transformatsiya jarayonlari sharoitida parlamentlarning bu boradagi faoliyati yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bu haqida yosh parlamentariylar jam bo‘lgan zalda gapirish, ayniqsa, muhim. Chunki ular yoshlarning ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ochiq va inklyuziv institutlarni shakllantirish hamda avlodlar o‘rtasida adolatni ta’minlashda yetakchi rol o‘ynaydi. Bugun bunday yondashuvga ehtiyoj har qachongidan-da yuqori.

Yoshlarni turli jarayonlarga jalb etish va ishtirokini ta’minlash haqida gap ketganda, bu bir avlodni boshqasiga qarama-qarshi qo‘yish degani emas. Aksincha, gap katta avlodning tajribasi va hayotiy saboqlarini yoshlarning zamonaviy ko‘nikmalari, g‘oyalari va imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish haqida bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish