Tant Zav Lvin: O‘zbekistondagi “Imkon” reabilitatsiya markazi kabi muassasalar bolalarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokida muhim ahamiyatga ega
Oktabr 21, 2026. 19:00 • 2 daq
• 806
SAMARQAND, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Myanma Ijtimoiy ta’minot, yordam va aholini ko‘chirish vaziri o‘rinbosari Tant Zav Lvin“Dunyo” AAga bergan intervyusida O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida fikr bildirdi.
– Butun dunyoda bolalar kelajak bunyodkorlari sifatida har bir mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi. Shu bois, ularning har tomonlama kamol topishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi davlatlarning eng muhim vazifalaridan biridir.
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli rivojlanishi sari yo‘l” jahon sammiti doirasida “Imkon” reabilitatsiya markazlariga tashrif buyurdim. Bu yerda yaratilgan sharoitlar menda katta taassurot qoldirdi. Muassasalar faoliyati puxta rejalashtirilgani, ta’lim va reabilitatsiya jarayonlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, mutaxassis va trenerlarni tayyorlash jarayonining yuqori saviyada tashkil etilgani, maxsus xonalarning zarur jihozlar bilan ta’minlangani hamda ularning nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlash ehtiyojlariga moslashtirilgani e’tiborimni tortdi.
Bu yerda qo‘llanilayotgan ta’lim-tarbiya usullari va maktabgacha ta’lim jarayonining tashkil etilishi O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi amaliy tajribasi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Bunday muassasalar nafaqat bolalarning ta’lim olishi va rivojlanishi, balki ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Zero, har bir bolaning salohiyatini ochish, uning qobiliyatlarini rivojlantirish va munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish umumiy maqsadimizdir.
Mazkur tashrif ijtimoiy himoya sohasida, aholining ehtiyojmand qatlamlari va nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida tajriba almashish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi. Bunday muloqotlar mamlakatlarimizning tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli tajribalarni o‘rganishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Myanma o‘rtasidagi do‘stona aloqalar 2002-yildan buyon izchil davom etib kelmoqda. Ushbu munosabatlarni yana-da mustahkamlash, ijtimoiy himoya va inson manfaatlariga xizmat qiladigan yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar yetarli. Kelgusida ham o‘zaro muloqot va tajriba almashish orqali do‘stona munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi