Logo

O‘zbekiston Prezidenti Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentini qabul qildi

Aprel 15, 2026. 20:07 • 2 daq

160
O‘zbekiston Prezidenti Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentini qabul qildi

TOSHKENT, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda yurtimizda taekvondo bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. Vakillarimiz Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ushbu sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuv davomida Cho Chung Von O‘zbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targ‘ib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilg‘or tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda muntazam o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda taekvondoni ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Cho Chung Von, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan taʼsis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.

Ushbu orden ilk bor aynan davlatimiz rahbariga taqdim etilgani, bu yurtimizda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilganidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish