Logo

Haydarobodda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Aprel 15, 2026. 21:00 • 2 daq

111
Haydarobodda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Haydarobodda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

HAYDAROBOD, 15-aprel. /“Dunyo” AA/ O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Hindiston sanoat konfederatsiyasi (Confederation of Indian Industry - CII) ning Telangana shtatidagi bo‘limida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini keng targ‘ib qilish, Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va hind investitsiyalarini jalb etish masalalariga qaratildi.

Davra suhbati ishtirokchilariga mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti va so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijalari haqida batafsil so‘zlab berildi. Tadbirkorlik va investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan keng imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Maxsus iqtisodiy zonalar va industrial parklarning afzalliklari, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, shuningdek, investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga oid taqdimot o‘tkazildi.

Interaktiv muloqot doirasida Hindiston kompaniyalari O‘zbekiston bilan energetika, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Telangana kompaniyalari joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi.

Haydarobod shahrida joylashgan qator yirik kompaniyalarda ham uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

“Zelar” kompaniyasi ijrochi direktori Vasu Maganti bilan muloqot chog‘ida axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohalariga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Vasu Maganti O‘zbekiston jadal rivoj topayotgani va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni qayd etib, mamlakatimiz bozoriga kirish va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. “Google” va “Microsoft” bilan hamkorlik tajribasiga ega kompaniya O‘zbekistonda sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish yo‘nalishlaridagi zamonaviy yechimlarni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

“Rooman-Jainx” ijrochi direktori Rajesh Kachru bilan axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Hindiston tomoni O‘zbekiston uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi va turli sohalarni raqamlashtirish, jumladan, “aqlli shahar” tizimlarini joriy etish va kiberxavfsizlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni taklif qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish