Hasan Ibrohim: Samarqandda yosh parlament a’zolarining global konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi
Sentabr 07, 2026. 21:30 • 2 daq
• 136
SAMARQAND, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Bahrayn parlamenti vakili, Parlamentlararo ittifoq Yosh parlamentariylar byurosi a’zosi Hasan Ibrohim “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yosh parlamentariylarning XII global konferensiyasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Butun dunyodan yosh parlament a’zolari yig‘ilgan mazkur forum dolzarbligi jihatidan muhim ahamiyat kasb etdi. Men Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentariylar byurosida faoliyat yuritaman va O‘zbekistonning yaqin do‘sti bo‘lgan Bahrayn Qirolligi parlamenti a’zosiman. Davlatlarimiz o‘rtasida mustahkam va do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu forumda biz ko‘plab muhim mavzularni, xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlari, inson huquqlari masalalari va dunyoning turli mamlakatlarida iqtisodiyotning holatini muhokama qildik.
Biz turli mamlakat vakillarining ajoyib ma’ruzalarini tingladik, yosh parlamentariylar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning guvohi bo‘ldik va har tomonlama zarur ko‘makni his qildik. Shu bois, ushbu anjuman juda muvaffaqiyatli o‘tdi, deb hisoblayman.
Biz muhim rezolyutsiyalarni qabul qildik va ularning kelajakda hayotga tatbiq etilishini istaymiz.
Mazkur forum O‘zbekistondek go‘zal mamlakatda, uning mehribon, mehmondo‘st va samimiy xalqi davrasida bo‘lib o‘tganidan behad xursand ekanimni yana bir bor izhor etmoqchiman.
Shuningdek, mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun juda mustahkam poydevor mavjud. Kelgusida Yaqin Sharqdagi mamlakatlarimiz bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvlari rivojlanib, tobora ko‘proq odamlar bir-birlarining madaniyati va tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi