Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari vatandoshlar uchun milliy terma jamoamiz o‘yinini jamoaviy kuzatish tadbirlarini o‘tkazdi
Iyun 18, 2026. 17:30 • 3 daq
• 12TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Terma jamoamizning dunyo birinchiligidagi tarixiy debyuti munosabati bilan O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan vatandoshlar, diplomatik korpus vakillari hamda chet ellik muxlislar ishtirokida o‘yinni jamoaviy tomosha qilish tadbirlari uyushtirildi.
Xususan, Dushanbe shahrida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vatandoshlar, OAV va diplomatik korpus vakillaridan iborat 120 ga yaqin kishi qatnashdi. Dushanbedagi “Crown Plaza” mehmonxonasi binosi fasadida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ining nurli proyeksiyasi namoyish etilgani tadbirga o‘ziga xos ramziy ma’no baxsh etdi.
Ashxobod shahridagi tadbir O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Turkmaniston tomonining ko‘magida tashkil etildi. “Toshkent” restoranida bo‘lib o‘tgan o‘yin kuzatuvida diplomatik korpus vakillari, o‘zbek diasporasi va Turkmaniston jamoatchiligi jam bo‘ldi.
Vladivostok shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vatandoshlar, talabalar va diplomatik korpus vakillari uchun jamoaviy tomosha tashkil etdi. Tadbir doirasida mamlakatimizning turizm salohiyati va V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga oid materiallar ham taqdim etildi.
Sankt-Peterburg, shuningdek, Petrozavodsk va Kaliningrad shaharlarida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy federal okrugida tahsil olayotgan talabalar va vatandoshlar ishtirokida jamoaviy kuzatuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Davlat madhiyasini kuylash bilan boshlangan ushbu tadbirlar birdamlik va milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash muhitida kechdi hamda Rossiyaning federal “Match TV” sport telekanali muxbirlari tomonidan keng yoritildi.
Seul shahrida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan uyushtirilgan jamoaviy tomoshada 200 dan ziyod o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimiz elchisi kirish so‘zi bilan chiqib, xorijdagi yurtdoshlarimiz jipsligining ahamiyatini alohida ta’kidladi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari vakillarining ham qatnashgani mintaqaviy birdamlik ruhini yanada kuchaytirdi. Mazkur voqelik Janubiy Koreyaning nufuzli “AJU Press” OAV tomonidan yoritildi.
Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan vatandoshlar ishtirokida hamda Turk madaniyat markazi ko‘magida tashkil etilgan translyatsiyada Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari elchilari, OAV, ilmiy doiralar vakillari hamda talabalar qatnashdilar. Ishtirokchilar O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtiroki tarixiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, milliy terma jamoamizga keyingi o‘yinlarda yuksak zafarlar tiladilar.
Quvayt davlatida O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan “Limak İnşaat” kompaniyasi hududida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning uchrashuvi tashkil etildi. Yurtdoshlarimiz o‘yinni birgalikda kuzatib, milliy terma jamoamizni faol qo‘llab-quvvatladilar va ularning dunyo birinchiligidagi ishtiroki katta voqelik ekanini e’tirof etdilar.
Islomobod shahridagi mamlakatimiz elchixonasida esa MDH davlatlarining Pokistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kolumbiyaga qarshi kechgan bahsini birgalikda kuzatdilar. Diplomatlar o‘zbek futbolchilarining yuksak ishtiyoqi va Jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokini yuqori baholab, jamoaga kelgusi o‘yinlarda omad yor bo‘lishini tiladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







