O‘zbekiston Prezidenti xorijiy investorlar bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi

Iyun 18, 2026. 15:54 • 3 daq

31
O‘zbekiston Prezidenti xorijiy investorlar bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi

TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Xalqaro kongress markazida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, yetakchi xorijiy kompaniyalar, banklar va moliyaviy institutlar rahbarlari hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi investorlar kengashlarining a’zolari bo‘lgan nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezident huzuridagi kengash amaliy islohotlar maydoniga aylanib, mamlakatimiz va jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida o‘z mavqeini mustahkamlaganini ta’kidladi.

Kengash mustaqil assotsiatsiya maqomini olib, mamlakat iqtisodiyotining 23 ta tarmog‘ida faoliyat yurituvchi 85 ta kompaniyani birlashtirdi. Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kiradi.

Normativ-huquqiy baza izchil takomillashtirilgani hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

Kengash a’zolarining takliflaridan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi, moliyaviy tartibga solish va hisob yuritishning ayrim tartib-taomillari soddalashtirildi, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini qo‘llaydigan xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar bekor qilindi.

Shu bilan birga, milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

“Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi, Mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi, texnik reglamentlarni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish jarayonini boshladi. Keyingi qadam sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Kengashning sohaviy ishchi guruhlari faoliyati tizimli tus oldi. O‘tgan davr mobaynida moliya bozorini rivojlantirish, garov qonunchiligini takomillashtirish, mas’uliyatli biznes yuritish, soliq ma’murchiligi, energetika, yerdan foydalanishni boshqarish, kasbiy kadrlarni tayyorlash hamda davlat va investorlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 50 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur majlisga tayyorgarlik jarayonida xorijiy hamkorlarning yangi tashabbuslar to‘plami shakllantirildi.

Kelib tushgan 120 ta taklif investitsiya muhitini yaxshilash, soliq va kadastr tizimlari, bank-moliya sohasi, korporativ boshqaruv, energetika, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qamrab olgan yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirildi.

Valyuta aylanmasini tartibga solishni yanada yengillashtirish, islomiy sug‘urta va “yashil” kreditlash kabi zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish, bank aktivlari bozorini yo‘lga qo‘yish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini keng qo‘llash bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy yechimlar tayyorlanib, mas’ul ijrochilar belgilab olindi.

Prezidentimiz kengash ishbilarmonlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘z amaliy ifodasini topadigan samarali ochiq muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Shu bois, xalqaro investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni saqlab qolish hamda qayta aloqa mexanizmlarini yanada takomillashtirish muhim ekaniga alohida urg‘u berildi.

Yig‘ilish yakunida barcha takliflarni umumlashtirib, yagona “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, amalga oshirish muddatlari va nazorat mexanizmlarini aniq belgilash topshirildi.

O‘zbekiston Hukumatining investitsiya sohasi uchun mas’ul a’zolari hujjat ijrosining borishi yuzasidan Prezidentga har chorakda hisobot taqdim etib borishi belgilandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda islohotlarni muvaffaqiyatli davom ettirishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdilar.

Shundan so‘ng taqdimotlar, ishtirokchilarning chiqishlari hamda kengash a’zolarining savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish