O‘zbekiston Prezidenti Yangi taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi 

Iyun 18, 2026. 17:48 • 2 daq

2
O‘zbekiston Prezidenti Yangi taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi 

TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorlikni, birinchi navbatda, avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Dilma Rusef O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo davlatlar safiga qo‘shilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, suv xo‘jaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi bo‘yicha hamda xususiy sektor va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida bank ekspertlari ishtirokida o‘rta muddatli qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olindi. Yangi taraqqiyot bankining mintaqaviy ahamiyatga ega yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi.

Bankning yurtimizda ekologik transformatsiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Kelgusida O‘zbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlarini o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish