Logo

Lyubomir Frebort: Chexiya O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlarga ustuvor ahamiyat beradi

Aprel 30, 2026. 08:15 • 8 daq

295
Lyubomir Frebort: Chexiya O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlarga ustuvor ahamiyat beradi

TOSHKENT, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiri Chexiya elchisi Lyubomir Frebort bilan suhbatlashdi.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Chexiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sezilarli o‘sishga erishdi. Mutaxassislarning aytishicha, ikki davlatning o‘ziga yarasha yaxshi tarixi bor. Keling, suhbatimizni O‘zbekiston–Chexiya aloqalari asoslaridan boshlasak.

– Savolingiz uchun rahmat. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini to‘g‘ri taʼkidladingiz. Shu bilan birga, zamonaviy diplomatik munosabatlar 1990 yillarning boshlarida o‘rnatilganini eslatib o‘tmoqchiman.

Ular dastlab o‘zaro hurmat, teng huquqli hamkorlik va har ikki tomonning milliy manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi. Biz O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlaganini hurmat qilamiz, amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining siyosatiga muvofiq Yangi O‘zbekistonni barpo etishga ko‘maklashishga doim tayyormiz.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hamkorlik aloqalari, albatta, mustaqillikdan keyingi davr bilan cheklanmaydi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ancha uzoq anʼanaga ega. XIX asrdayoq chexiyalik taniqli olimlar va tadqiqotchilar hozirgi O‘zbekiston hududiga tashrif buyurishgan.

Bir necha ko‘rgazmali misollar keltirishga ijozat bergaysiz. 1878 yilda Toshkentdagi hozirgi Amir Temur maydoni hududida joylashgan erkaklar gimnaziyasining birinchi direktori chex professori bo‘lgan. Chexiyaning hissasi O‘zbekistonning zamonaviy infratuzilmasida ham seziladi: bular, xususan, Urganch–Xiva yo‘nalishida foydalanilgan “Škoda” trolleybuslari, Samarqanddagi tramvaylar, shuningdek, mamlakat aviatsiya parkida foydalaniladigan L-410 samolyotlaridir. Surxondaryo viloyatidagi qazishmalarda birga ishlayotgan arxeologlarning samarali hamkorligini alohida taʼkidlamoqchiman.

– Janob elchi, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga ilk bor rasmiy tashrif bilan kelmoqda. Bu safarning asosiy maqsadlari nima? Chexiya tomoni qanday amaliy natijalarga umid qilmoqda? Muzokaralar davomida va ikki tomonlama bitimlarni imzolashda qaysi mavzular ustuvor bo‘ladi?

– Avvalo shuni taʼkidlamoqchimanki, Bosh vazir Andrey Babishning tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun prinsipial ahamiyatga ega. Bu uning o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida tayinlangan yangi hukumat tuzilgandan keyin Yevropa qitʼasi bo‘ylab birinchi rasmiy safaridir.

Taʼkidlash joizki, bunday tashrifning birinchi yo‘nalishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari bo‘ldi, bunda O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. Bunday tanlov Chexiya rahbariyati O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida ahamiyat berayotganidan yaqqol dalolat beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Chexiya bilan kengaytirilgan sheriklik formati amal qilayotgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodiyot anʼanaviy ravishda ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda. Gap sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish haqida bormoqda. Bosh vazir Andrey Babish hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashrif bilan aynan shu kun tartibi bilan keldi.

Ustuvor tarmoqlar orasida transport, sanoat, aviatsiya, mudofaa sanoati majmuasi va muhim infratuzilmani ajratib ko‘rsatish mumkin. Energetika, qishloq xo‘jaligi va hamkorlikni kengaytirish uchun amaliy asos mavjud bo‘lgan boshqa qator yo‘nalishlarda ham keng imkoniyat mavjud. Tashrif doirasidagi muzokaralar aynan shu sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilishi kutilmoqda.

– So‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Chexiya mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda. Xususan, viza kvotasi allaqachon ajratilgan va Chexiya tomoni O‘zbekistondan tibbiyot mutaxassislarini jalb qilishga qiziqish bildirmoqda. Toshkentda bo‘lib o‘tadigan muzokaralar kun tartibiga ushbu mavzuni kiritish rejalashtirilyaptimi?

– Bu haqiqatan ham muhim mavzu. Biz tibbiyot xodimlarining mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi mamlakatlar tajribasini katta qiziqish bilan o‘rganmoqdamiz. Xorijiy bozorlar talablarini hisobga olgan holda tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Menga maʼlum bo‘lishicha, Chexiya Bosh vazirining tashrifi dasturida tibbiyot xodimlarini tayyorlash, jumladan, chet tillarini o‘rganish va xorijda ishlashga moslashishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlari bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Ochiq aytish kerakki, Chexiyadagi demografik tendensiyalar parvarishlash va tibbiyot sohasida malakali kadrlarga barqaror talabni shakllantirmoqda. Keksa aholi ulushining ortishi obyektiv ravishda sog‘liqni saqlash tizimining kadrlar salohiyatini kengaytirishni taqozo etadi.

– Chexiya kompaniyalari nuqtai nazaridan O‘zbekistondagi hozirgi investitsiya muhitini qanday baholaysiz? Chexiya bozoriga kirishdan manfaatdor bo‘lgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun, jumladan, “CzechInvest” agentligi orqali qanday qo‘llab-quvvatlash vositalari mavjud?

– Bu ham ikki tomonlama hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Chexiya kompaniyalari O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlariga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Bunday dinamika tabiiy: mamlakatda investitsiya muhiti izchil takomillashib bormoqda, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar esa xorijiy investorlar, jumladan, chex biznesi uchun yanada shaffof va bashorat qilinadigan sharoitlarni yaratmoqda.

Chexiya kompaniyalarini o‘ziga jalb qiladigan omillar orasida makroiqtisodiy barqarorlik, barqaror o‘sish surʼatlari, shuningdek, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bozorlariga chiqish imkonini beruvchi qulay geostrategik joylashuvini alohida taʼkidlash mumkin. Shu bilan birga, Chexiya biznesining katta qismi uchun O‘zbekiston bozori nisbatan yangi ekanini hisobga olish kerak.

Bosh vazir Andrey Babishning bo‘lajak tashrifining muhim elementi sanoat infratuzilmasi bilan tanishish, jumladan, texnoparkka tashrif buyurish bo‘ladi.

O‘zbekiston kompaniyalarining Chexiyaga kiritayotgan investitsiyalariga kelsak, ular albatta qo‘llab-quvvatlanadi. O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasining ochilishi kuchaytirilgan savdo-iqtisodiy blok bilan ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha turtki beradi. Bu o‘zbek biznesining Chexiya va Yevropa bozorlariga chiqishini yanada samarali qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

O‘zbekiston kompaniyalari muhim tarmoq tadbirlarida faol ishtirok etayotgani diqqatga sazovor. Xususan, Brno shahrida har yili eng yirik xalqaro mashinasozlik ko‘rgazmasi o‘tkazilib, unda so‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy pavilyon bilan keng namoyish etilmoqda.

Standartlashtirish va metrologiya sohasidagi hamkorlikning rivojlanishini alohida taʼkidlash joiz. Tegishli idoralarning o‘zaro hamkorligi zamonaviy laboratoriyalarni jihozlash va ilg‘or texnik reglamentlarni joriy etishga xizmat qiladi. Bu amaliy ahamiyatga ega: mahsulotlarni Yevropa sifat standartlariga moslashtirish o‘zbek tovarlarining Yevropa Ittifoqi bozorlariga, jumladan, Chexiya bozoriga kirishini sezilarli darajada osonlashtiradi.

Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekiston bozoriga chiqayotgan chex kompaniyalari uchun ham, Chexiyada ishlashdan manfaatdor bo‘lgan o‘zbek korxonalari uchun ham biznesni qo‘llab-quvvatlashning keng ko‘lamli vositalari ishga tushirilgan.

Alohida taʼkidlashni istardimki, Chexiya Bosh vazirining tashrifining muhim va ajralmas qismi Chexiya–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib, u delegatsiyaning amaliy tashrif dasturini ochadi. Aynan shu maydondan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida mazmunli muloqot boshlanadi.

Bosh vazir bortida Chexiyaning energetika, transport, mudofaa sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli guruh tashrif buyurmoqda. Ular uchun o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Investitsiya kun tartibi nuqtai nazaridan, ishlab chiqilayotgan eng yirik loyihalardan biri alohida eʼtiborni tortadi. Gap nafaqat O‘zbekiston temir yo‘llari uchun elektropoyezdlarni yetkazib berishni, balki O‘zbekiston hududida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etishni ham ko‘rib chiqayotgan “Škoda Transportation” kompaniyasi haqida bormoqda. Dastlabki bosqichda harakat tarkibini yig‘ish, keyinchalik ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mexanizmini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Chexiya tomoni anʼanaviy ravishda iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida biznesning faol ishtirokini rejalashtirmoqda.

– Qishloq xo‘jaligining O‘zbekiston uchun ahamiyatini hisobga olgan holda, Chexiya texnologiyalarini joriy etish, xususan, suvni tejash, suvni tozalash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida hamkorlik salohiyati qanday?

– Savolingiz o‘rinli. Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston bilan hamkorlik kun tartibida muhim o‘rin tutadi va ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaraladi.

Chexiya tomoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohasida katta tajriba va texnologik yechimlarga ega.

Energiya va resurs tejamkor texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Gap bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqarishni taʼminlaydigan kogeneratsiya qurilmalari haqida bormoqda. Bunday tizimlar qishloq xo‘jaligi va chorvachilik chiqindilaridan olinadigan biogazda ishlashi mumkin. Bu esa ularni ekologik jihatdan barqaror yechimga aylantiradi. Ular, ayniqsa, issiqxona xo‘jaliklarida talabga ega bo‘lib, xarajatlarni optimallashtirgan holda yil davomida ishlab chiqarishni taʼminlash imkonini beradi.

Sug‘orish va suvni tejash tizimlari ham muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi uchun suv resurslaridan oqilona foydalanish strategik ahamiyatga ega.

Qo‘shimcha istiqbollar qishloq va chekka hududlarni energiya bilan taʼminlashga qaratilgan kichik gidroelektr stansiyalarini joriy etish bilan bog‘liq.

Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi sohasi texnologik almashinuvdan tortib qo‘shma loyihalarni amalga oshirishgacha bo‘lgan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

– Toshkent, Praga va Karlovi Varlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning tiklanishi turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Sayyohlik almashinuvi istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Toshkent–Praga–Toshkent va Toshkent–Karlovi Vari–Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha ketma-ket uchinchi yil mavsumiy aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilayotganini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. So‘nggi yillar amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu reyslar mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning barqaror dinamikasini shakllantirib, o‘zaro sayyohlik va ishbilarmonlik oqimlarining o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Chexiya anʼanaviy ravishda O‘zbekiston fuqarolari uchun jozibador yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston ham chex sayyohlari uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida o‘z mavqeini ishonch bilan mustahkamlab borayotganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Bundan tashqari, gap nafaqat Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrif buyuradigan anʼanaviy yo‘nalishlar haqida, balki mamlakatning tabiiy landshaftlariga qiziqish ortib borayotgani haqida ham bormoqda.

Ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Anʼanaviy ravishda faol dam olish va tabiat marshrutlariga yo‘naltirilgan chex sayyohlari uchun O‘zbekiston bu sohada taklif etayotgan yangi imkoniyatlar katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Sayyohlik almashinuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Chexiya tomoni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tegishli ko‘rgazma va yarmarkalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda Chexiya sayyohlik kompaniyasining vakolatxonasi allaqachon ochilgan bo‘lib, bu Chexiyani yo‘nalish sifatida yanada faol targ‘ib qilishga yordam beradi.

O‘z navbatida, biz ham xuddi shunday qadamlardan – Chexiyada O‘zbekiston sayyohlik operatorlarining vakolatxonalarini ochishdan manfaatdor bo‘lardik. Bu O‘zbekistonning turizm salohiyatini Chexiya bozorida tizimli ravishda targ‘ib qilish va sayyohlar oqimini yanada rag‘batlantirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish