Pokistondan munosabat: “Lazgi” festivali madaniy diplomatiya uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi
Aprel 29, 2026. 08:15 • 3 daq
• 486
ISLOMOBOD, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Xiva shahrida o‘tkazilayotgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali ishtirokchisi, O‘zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisi Hamid Mahmud Chaudri “Dunyo” AA muxbiriga tadbir haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Tarixiy Xiva shahrida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli festivalda qatnashish va uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘lganimdan chin dildan faxrlanaman. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatingizda turizm, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Lazgi” festivali kabi xalqaro madaniy tadbirlar yuksak darajada tashkil etilib, jahon miqyosiga olib chiqilmoqda.
Davlatingiz rahbarining festival ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi madaniyat, xususan, raqs sanʼati millatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlaydigan, tinchlik va birdamlikni targ‘ib etuvchi qudratli vosita ekanini chuqur anglashini namoyon etadi.
“Lazgi” festivali shunchaki madaniy tadbir emas, balki O‘zbekistonning boy maʼnaviy merosi, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi saʼy-harakatlarining yorqin ifodasidir.
O‘zbek milliy raqs sanʼatining durdonasi bo‘lgan Lazgi o‘zbek xalqining qalb tuyg‘ulari, tarixi va ruhini o‘zida mujassam etgan noyob sanʼat namunasidir. Festival doirasida namoyish etilayotgan raqs chiqishlarini kuzatar ekanmiz, ushbu qadimiy sanʼat turi bugungi kunda ham avlodlar o‘rtasida ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganini, insonlarni yaqinlashtirib, ularni bir maqsad atrofida birlashtirayotganini his etish mumkin. Mahalliy va xorijiy sanʼat ustalarining faol ishtiroki esa festivalga yana-da keng mazmun bag‘ishlab, uni haqiqiy global sanʼat bayramiga aylantirmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, “Lazgi” festivali madaniy diplomatiyani rivojlantirishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda. U turli mamlakatlar o‘rtasida muloqot, o‘zaro hurmat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni, ayniqsa O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Turizm nuqtai nazaridan qaraganda, bunday festivallar O‘zbekistonni o‘ziga xos va jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular nafaqat Xiva kabi tarixiy shaharlarning betakror meʼmoriy qiyofasini, balki mamlakatning boy va rang-barang madaniy hayotini ham namoyon etadi. Ayniqsa, Pokistonlik sayyohlar uchun bu O‘zbekistonni yana-da yaqindan, chuqurroq anglash va kashf etish uchun noyob imkoniyatdir.
Fikrimcha, “Lazgi” festivali kelgusida ham nufuzli xalqaro madaniy brend sifatida izchil rivojlanib, jahonning turli burchaklaridan sayyohlar, sanʼatkorlar va madaniyat ixlosmandlarini o‘ziga jalb etishda davom etadi. Men ushbu ilhombaxsh bayramning bir qismi bo‘lganimdan mamnunman va O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonlarda targ‘ib qilishda ishtirok etishni intizorlik bilan kutaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi