Rashod Mammadov: Ozarbayjon Markaziy Osiyoning bir qismi va Yevropaga ochiladigan darvozasidir

Avgust 23, 2026. 11:00 • 8 daq

119
Rashod Mammadov: Ozarbayjon Markaziy Osiyoning bir qismi va Yevropaga ochiladigan darvozasidir

TOSHKENT, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning Toshkentdagi elchisi Rashod Mammadov Prezident Ilhom Aliyevning 23-avgust kuni O‘zbekistonga boshlanyotgan davlat tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Janob elchi, oliy darajadagi aloqalar dinamikasini qanday baholaysiz va O‘zbekiston–Ozarbayjon o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari o‘zaro hamkorlikda qanday aks etmoqda?

– Prezident Ilhom Aliyevning davlat tashrifi so‘nggi bir necha yil ichidagi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘n beshinchi oliy darajadagi o‘zaro tashrifdir. Bu ko‘rsatkichning o‘ziyoq O‘zbekiston Ozarbayjon uchun naqadar muhim mamlakat ekanini ifoda etmoqda. Umumiy anʼana, madaniyat, qadriyat, mushtarak manfaatlar va kelajakka mo‘ljallangan strategik rejalarimiz munosabatlarimizni aynan shunday yuksak darajada – ittifoqchilik darajasida rivojlantirishni taqozo etadi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha yo‘nalishda – iqtisodiyot, investitsiya, savdo, fan, madaniyat, taʼlim, raqamlashtirish sohalarida rivojlanib bormoqda. Transport, logistika va yuk tashish ham eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Bunday aloqalar davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda.

Ikki mamlakat iqtisodiyoti ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. Mustaqillik yillarida Ozarbayjon transport-logistika loyihalariga katta sarmoya kiritdi. Bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlar Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham yangi istiqbollar ochmoqda.

O‘zbekiston xalqimizga ruhan juda yaqin. Musiqamiz deyarli bir xil, tillarimiz yaqin, odamlar muloqotda bir-birini tushunadi. Bu esa xalqlarimizda munosabatlarni yana-da rivojlantirishga nisbatan muayyan ijtimoiy ehtiyojni shakllantiradi.

O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish va aholi sonining o‘sish surʼatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab kelayotgani xalqaro reyting agentliklari prognozlarida ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. O‘z navbatida, Ozarbayjon Kavkazdagi yetakchi davlatlardan biridir. O‘ylaymanki, davlatlarimiz hamkorligi va o‘ziga xos siyosati mamlakatlarimizning yana-da rivojlanishiga muhim turtki beradi. Shu bilan birga, bunday munosabatlar mintaqaning boshqa davlatlari uchun yangi istiqbollar yaratib, Ozarbayjon va O‘zbekistonning Yevropa va Osiyo davlatlari uchun siyosiy ahamiyatini yana-da oshiradi.

Biz, Ozarbayjon va O‘zbekiston kuchli davlatlarmiz. Men Ozarbayjonni ulkan davlat, deb ayta olmayman. Biz ixcham mamlakatmiz. Ammo davlatning kuchi uning hududi va aholisi soni bilan emas, balki xalqaro munosabatlardagi taʼsiri, xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlash qobiliyati belgilanadi. Shuningdek, qo‘shnilar va xalqaro hamjamiyatning boshqa aʼzo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bilan ham o‘lchanadi.

Bugungi kunda Ozarbayjon katta moliyaviy resurslar zaxirasi hamda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning yirik davlatlari bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarga ega.

O‘zbekiston ham o‘zini-o‘zi taʼminlaydigan, mustaqil oyoqqa turgan mamlakatdir. O‘zbek xalqi bugun muvaffaqiyatli rivojlanayotgan davlatni barpo etgan. 2016-yildan O‘zbekiston taraqqiyoti tarixida yangi sahifa ochildi. Mamlakat butun dunyoga, xususan, Ozarbayjonga ham o‘z eshiklarini ochdi.

Aynan O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligi davrida mamlakat iqtisodiyot, siyosat, taʼlim, tibbiyot, gumanitar va ijtimoiy sohalarda modernizatsiya jarayonini taʼminlagan holda, yuqori surʼatlar bilan rivojlana boshladi. Bu oson emas, lekin siz buni uddaladingiz.

O‘zbekiston xorijiy investitsiyalar uchun jozibador mamlakatga aylandi. Bu yerga butun dunyodan, jumladan, Ozarbayjondan ham ishbilarmonlar mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish uchun kelmoqda. Prezidentlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar sarmoyadorlar uchun siyosiy kafolatdir.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada kengayib bormoqda. Sizningcha, o‘zaro savdo hajmini oshirishda qaysi yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega?

– Biz mamlakatlarimiz ixtiyoridagi tabiiy resurslardan foydalanishdan tortib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha tarmoqlarni rivojlantirmoqdamiz. Prezidentlar tomonidan davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga borib bir milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. O‘ylaymanki, bu dovon, albatta, zabt etiladi. Belgilangan maqsadga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud.

Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘z iqtisodiyoti va adliya tizimini jadal surʼatlarda isloh qilmoqda, xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratmoqda. 2024 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlarida yangi loyihalarga sarmoya kiritish uchun moliyaviy imkoniyatlarga ega, kapitali 500 million dollarlik qo‘shma jamg‘arma tashkil etildi. Jamg‘arma muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Allaqachon ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar moliyalashtirilib, amalga oshirilmoqda. Bu ishlar kelgusida ham davom ettiriladi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bilan bir qatorda, hamkorligimizning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan transport-logistika sohasini kengaytirish lozim. O‘zbekistonning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda biz Janubi-Sharqiy Osiyodan Yevropaga o‘tadigan O‘rta yo‘lakning ikkinchi yo‘nalishini amalga oshira olamiz.

Birinchi yo‘nalish Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizidagi Oqtov va Qurik portlari, Ozarbayjon orqali o‘tib, so‘ngra Qora dengiz hamda Turkiya yo‘nalishiga boradi. Ikkinchi yo‘nalishni esa O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirish mumkin. U Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Turkmaniston portlari–Bokudagi Alot porti yo‘nalishi bo‘ylab, keyin Boku–Tbilisi–Kars temiryo‘li orqali Qora dengiz portlari hamda Turkiya tomon o‘tadi.

TRIPP loyihasi amalga oshirilgach, Zangazur yo‘lagi orqali Bokudagi Alot porti–Armaniston–TRIPP yo‘lagi–Ozarbayjonning Naxchivon shahri–Ig‘dir–Turkiyadagi Kars yo‘nalishi orqali transport-logistika aloqalarini yana-da kengaytiramiz. Shu tariqa, biz transport-logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilamiz.

O‘zbekiston – ulkan savdo bozori va aholisi 40 million kishiga yaqinlashayotgan yirik davlatdir. Mustaqillik qo‘lga kiritilgan paytda mamlakat aholisi 20 millionga yaqin edi, bugungi kunda esa 38 milliondan oshdi. O‘sha paytda Ozarbayjon aholisi qariyb 7,5 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozir 10,5 milliondan ziyod.

Markaziy Osiyodagi do‘st va qardosh davlatlar bilan bir qatorda Ozarbayjon va O‘zbekiston aholisining o‘zi ham mamlakatlarimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar uchun yaxshi bozor hisoblanadi. Shu sababli o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar mavjud.

Iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim sohasi energetikadir. Biz “O‘zbekneftgaz” bilan qo‘shma kompaniya hamda Ozarbayjon va O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida yana bir kompaniya tuzdik. Ular O‘zbekiston hududidagi gaz va neft konlarini o‘zlashtirish hamda geologiya-qidiruv ishlari bilan shug‘ullanadi. Bu ishlar muvaffaqiyatli davom ettirilib, samarali natijalar berishiga umid qilamiz.

Yana bir yo‘nalish – qayta tiklanadigan manbalardan olingan elektr energiyasini generatsiya qilish, tashish va Yevropaning premium bozoriga yetkazib berishdir. Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekiston elektr energiyasini Kaspiy dengizi tubi orqali maxsus kabel yordamida Ozarbayjonga, so‘ngra mamlakatimiz orqali Turkiya yoki Qora dengiz va Yevropa bozoriga tashish bo‘yicha tegishli bitimni imzolangan.

Biz Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekistonni qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishda katta imkoniyatga ega deb hisoblaymiz. Yevropa mamlakatlari bizga ishonadi va bunday loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli oldinda bizni yangi yirik loyihalar kutayotganiga ishonchim komil.

– O‘zbekiston va Ozarbayjonni nafaqat siyosiy va iqtisodiy manfaatlar, balki tarixiy va madaniy rishtalar ham bog‘lab turadi. Yaqin yillarda madaniy-gumanitar yo‘nalishda yana qanday loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda?

– Toshkentda mamlakatimiz elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritadi. Ushbu muassasa muhim va ezgu ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, markaz turli konsertlar, ko‘rgazmalar, o‘quv dasturlari, jumladan, ozarbayjon tili va raqsi kurslarini tashkil etib kelmoqda.

O‘ylaymanki, madaniy aloqalarni rivojlantirish juda muhim. Boz ustiga, biz ularni shunchaki rivojlantiribgina qolmay, umumiy madaniyatimizning unutilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Yuqorida taʼkidlaganimdek, bizning ajdodlarimiz bir, bir-birimizga juda yaqinmiz. Qadriyatlarimiz mushtarak, oilaviy anʼana va udumlarimiz o‘xshash. Bularning barchasini asrab-avaylash nihoyatda muhim.

Biz tibbiyot, sheʼriyat, adabiyot, shaharsozlik va meʼmorchilikni rivojlantirgan zotlarning avlodlarimiz. Biz bu merosni unutganimiz yo‘q va uni avloddan-avlodga yetkazishimiz shart.

Ozarbayjonda o‘zbek musiqasini maroq bilan tinglaymiz. Mamlakatimizda O‘zbekiston madaniyati kunlari katta tantana bilan o‘tadi. Odamlarimiz bu madaniyatni yaqin va qadrdon deb bilib, unda o‘z aksini ko‘radi.

Agar xalqlar madaniy jihatdan yaqin bo‘lsa, agar ozarbayjonlar o‘zbek madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini o‘zinikidek qabul qilsa, O‘zbekiston aholisi biz uchun 38 million emas, balki Ozarbayjonda yashovchi 10 milliondan ortiq ozarbayjonlikni qo‘shib hisoblaganda 48,5 million bo‘ladi. Ozarbayjonga nisbatan ham xuddi shunday, biz 10,5 million emas, balki o‘zbek birodarlarimiz bilan birga 48,5 millionni tashkil etamiz.

Yaqinda Boku markazidagi besh gektarlik maydonda “O‘zbekiston” bog‘i qurish uchun tamal toshi qo‘yildi. Bu juda muhim. Bu boqqa tashrif buyuradiganlar o‘zlarini O‘zbekistonda yurgandek his qiladi. U yerda restoranlar, kafelar bunyod etiladi, O‘zbekistonni eslatuvchi taomlar, milliy madaniyat va musiqalar bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham xuddi shunday “Ozarbayjon” bog‘i ochilishi kutilmoqda. Toki kishilar bu maskanga tashrif buyurib, ramziy maʼnoda Ozarbayjonda bo‘lgandek bo‘lsin.

Shu bilan birga, ko‘plab qo‘shma loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda. So‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik ancha faollashdi. Ular mushtarak loyihalarni amalga oshirmoqda: tadbirlarning bir qismi Ozarbayjonda, yana bir qismi O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda.

O‘zbek yozuvchilarining ko‘plab asarlari ozarbayjon tiliga, ozarbayjon yozuvchi va shoirlarining ijod namunalari esa o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda.

Biz O‘zbekistondagi keng jamaotchilik vakillarining Ozarbayjon bilan yaqindan tanishishi uchun turli sayyohlik loyihalari va xizmat safarlarini uyushtiramiz. O‘z navbatida, Ozarbayjondan O‘zbekistonga ham javob tashriflari tashkil etiladi.

– O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu qarorning ahamiyatini qanday baholaysiz?

– C5 formati juda qiziqarli format. Markaziy Osiyo davlatlari Ozarbayjon uchun har tomonlama – savdo-iqtisodiy, madaniy va tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega.

Agar kimdir Kaspiy dengizi bizni ajratib turadi, deb hisoblasa, men aksini aytgan bo‘lardim: Kaspiy dengizi bizni birlashtiradi. U hatto mamlakatlarimiz o‘rtasidan tikanli sim tortishga ham yo‘l qo‘ymaydi. Bugungi texnologiyalar, Kaspiydagi imkoniyatlar va dengiz savdo floti oramizda ulkan suv borligini hech kimga sezdirmaydigan sharoit yaratmoqda. Bu, aksincha, mamlakatlarimizni birlashtiradigan kichik bir dengizdir.

Shu maʼnoda, Ozarbayjon Markaziy Osiyo hududining bir qismi va Markaziy Osiyoning Yevropaga ochiladigan darvozasidir. O‘rta yo‘lak, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi va Markaziy Osiyo davlatlari orqali o‘tuvchi boshqa yo‘nalishlar Ozarbayjonda birlashadi. Ozarbayjon portlari, temir va avtomobil yo‘llari orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari Sharqiy va G‘arbiy Yevropa davlatlari hamda Turkiya bilan aloqa bog‘laydi.

Nazarimda, Markaziy Osiyo davlatlarisiz Ozarbayjonning transport infratuzilmasi to‘laqonli bo‘lmaydi. Ayni paytda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining temir yo‘l, avtomobil va logistika infratuzilmasi hamda dengiz portlari ham Ozarbayjon infratuzilmasisiz o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmaydi. Bu borada biz bir-birimizni to‘ldiramiz.

Shu bois, Ozarbayjonni “Markaziy Osiyo+Ozarbayjon” formatidagi hamkorlikka taklif etishdan barcha – Ozarbayjon ham, O‘zbekiston ham, mintaqaning boshqa davlatlari ham birdek manfaatdordir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish
Logo
"Dunyo" Information Agency is a leading source of news on foreign policy and the development of Uzbekistan.
Sections
Information
Contacts
+99871-239-17-76
dunyo@mfa.uz
3A, Amir Temur str., Tashkent, 100000