Alpar Kato: Yangi O‘zbekistondagi eng muhim o‘zgarish – odamlar dunyoqarashining yangilanganidir

Avgust 10, 2026. 17:00 • 4 daq

162
Alpar Kato: Yangi O‘zbekistondagi eng muhim o‘zgarish – odamlar dunyoqarashining yangilanganidir

BUDAPESHT, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” va “Helló Magyar” media-resurslari bosh direktori Alpar Kato “Dunyo” AAga bergan intervyusida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning 10 yillik natijalari, ikki tomonlama munosabatlar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini qanday baholaysiz?

– Media-resurs rahbari sifatida aytishim mumkin bo‘lgan eng muhim yutuqlardan biri – O‘zbekistonning dunyo uchun ancha ochiq mamlakatga aylanganidir. Respublika xalqaro maydonda sezilarli darajada namoyon bo‘ldi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha faol siyosat mamlakatning xorijdagi qiyofasini tubdan o‘zgartirdi.

Balki eng muhim o‘zgarish bu – odamlar va davlatning dunyoqarashi o‘zgarganidir. O‘zbekiston o‘zini hamkorlikka intiladigan, raqobatlashishga va investitsiyalarni jalb qilishga tayyor bo‘lgan faol subyekt sifatida namoyon etmoqda. Bu iqtisodiyot, turizm, taʼlim va madaniy-gumanitar aloqalar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

– O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikning qaysi natijalarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz?

– Vengriyada O‘zbekistonning taniluvchanligi ortib borayotganini juda ijobiy hodisa deb bilaman. “Daily News Hungary” va “Helló Magyar” nashrlarida biz mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarishlar, turizm va diplomatiya masalalarini muntazam yoritib bormoqdamiz.

Vengriya kompaniyalari, xususan, OTP Group va Ipoteka-bank bilan bog‘liq so‘nggi jarayonlar ikki tomonlama aloqalar aniq iqtisodiy natijalar berayotganini ko‘rsatadi. Kelgusida OAV sohasidagi hamkorlik, jurnalistlar almashinuvi va turizmni ilgari surish bo‘yicha aloqalarni yana-da kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. “Daily News Hungary” va “Helló Magyar” nashrlari o‘zbek kompaniyalariga Yevropa bozorida o‘z manfaatlarini ilgari surishda axborot jihatidan ko‘maklashishga tayyor.

– Mamlakatdagi ochiqlik va investitsiyaviy muhitning yaxshilanishi xalqaro hamjamiyat va investorlar ishonchiga qanday taʼsir ko‘rsatdi?

– O‘zgarishlar aniq va yaqqol ko‘rinib turibdi. Bugungi kunda xalqaro investorlar O‘zbekistonga o‘n yil oldingidan mutlaqo boshqacha nazar bilan qaramoqda. Valyuta va savdo tartib-qoidalarining liberallashtirilishi, xususiy sektorning kengayishi iqtisodiy modernizatsiyaning jiddiyligidan dalolat beradi.

OTP Groupning Ipoteka-bank bilan bog‘liq muvaffaqiyati Vengriya uchun ajoyib reklama bo‘ldi. Vengriyaning eng yirik kompaniyalaridan biri O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani boshqa vengriyalik investorlarga ham ishonch bag‘ishlaydi.

– Kelgusi yillarda barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot va taʼlim sohalarida qanday imkoniyatlarni ko‘rmoqdasiz?

– Suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika, raqamlashtirish va oliy taʼlim sohalarida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish mumkin.

Ayniqsa, taʼlim sohasi muhim ahamiyatga ega, chunki universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik o‘nlab yillar davomida saqlanib qoluvchi mustahkam aloqalarni yaratadi. Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi stipendiya dasturlari qo‘shma tadqiqotlar va talabalar almashinuvi uchun juda yaxshi poydevordir. Inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar infratuzilmaga kiritilgan sarmoyadan ham ko‘proq foyda keltirishi mumkin.

– O‘zbekistonning qaysi mintaqaviy tashabbuslari eng muhim global va mintaqaviy ahamiyatga ega deb hisoblaysiz?

– Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslari uzoq muddatli taʼsirga ega. Mintaqada transport bog‘liqligi, suv resurslari va energetika xavfsizligi kabi masalalarni yakka holda hal qilib bo‘lmaydi.

Transport sohasiga to‘xtalsak, “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” temir yo‘li loyihasi mamlakatning dengizga chiqishi uchun haqiqiy muvaffaqiyat omili bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avtomobilʼ yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish ham juda muhim. Avtomagistrallar paydo bo‘lgan joyda sanoat va logistika tezroq rivojlanadi.

Kelgusi o‘n yillikda O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi uchun qaysi yo‘nalishlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi?

– Men uchta asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatgan bo‘lar edim, xususiy sektorni yana-da mustahkamlash va raqobatbardosh ishbilarmonlik muhitini yaratishb iqtisodiy o‘sish bilim va mahsuldorlikka asoslanishi uchun taʼlim, texnologiya va innovatsiyalarga keng ko‘lamli sarmoya kiritish, ekologik muammolarni hal etish, ayniqsa, suv resurslarini boshqarish va “yashil” energetikaga o‘tish.

Ushbu ustuvor yo‘nalishlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish