Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Aprel 13, 2026. 15:36 • 4 daq
• 103
Nigeriya harbiylarining bozorga hujumi natijasida 200 kishi halok bo‘ldi
Nigeriya harbiy samolyotlari mamlakat shimoli-sharqida jangarilarni taʼqib qilish vaqtida qishloq bozoriga aviazarba berdi. Hodisa oqibatida kamida 200 kishi halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Qurbonlar orasida tinch aholi vakillari ham bor. Nigeriya harbiy-havo kuchlari mazkur holatni o‘rganish uchun Fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash va tergov qilish bo‘linmasi ishga tushirilganini maʼlum qildi. Rasmiylar harbiy amaliyotda xatolikka yo‘l qo‘yilganini tasdiqladi.
Manba: Reuters
***
Britaniya hukumati Xo‘rmuz blokadasida qatnashishdan bosh tortdi
Buyuk Britaniya AQShning Xo‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilish operatsiyasida qatnashish taklifini rad etdi. Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Britaniya dengiz yo‘lini minalardan tozalash uchun o‘z kemalarini jo‘natishini aytgandi.
Manba: Sky News
***
Uganda prezidentining o‘g‘li Turkiyadan 1 mlrd dollar va mamlakatning eng go‘zal qizini talab qildi
Uganda prezidentining o‘g‘li, mamlakat armiyasi qo‘mondoni Muxuzi Kaynerugaba Turkiyadan 1 milliard dollar va mamlakatning eng go‘zal qizini talab qildi. Aks holda u Anqara bilan barcha diplomatik aloqalarni butunlay uzish bilan tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Uganda bilan muammolarini hal qilmasa, 30 kun ichida rasmiy Anqara bilan barcha diplomatik aloqalar to‘xtatiladi.
Manba: Indiatoday
***
Netanyaxuning kotibi “Mossad” rahbari bo‘ldi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning harbiy kotibi general-mayor Roman Gofman mamlakat tashqi razvedka xizmati – “Mossad” rahbari etib tayinlandi. Maʼlum qilinishicha, Gofman ushbu lavozimga 2026-yilning 2-iyunidan rasman kirishadi. Gofman nomzodi rahbar lavozimlariga tayinlash bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng, Binyamin Netanyaxu tegishli farmonni imzolagan. Bu qaror haqida u ilk bor 2025-yil dekabrida maʼlum qilgan va turli nomzodlar orasidan aynan Gofmanni “eng munosib” deb topgan.
Manba: Reuters
***
AQSh Eronning barcha portlarini blokada qiladi
AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 13 aprel kunidan boshlab Eron portlariga kirib-chiqadigan barcha kemalarga nisbatan dengiz blokadasini boshlaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Trampning qarori eʼlon qilindi. Blokada Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazidagi barcha Eron portlarini qamrab oladi hamda barcha davlatlar kemalariga taalluqli bo‘ladi.
Manba: Centcom
***
Xitoy Tayvan bilan aloqalarni yumshatish uchun 10 ta yangi imtiyoz eʼlon qildi
Xitoy Tayvan bilan aloqalarni yumshatishga qaratilgan 10 ta yangi rag‘batlantiruvchi chora-tadbirni eʼlon qildi. Eʼlon qilingan imtiyozlar orasida turizm cheklovlarini yumshatish, televideniyeda tarbiyaviy ahamiyatga ega seriallarni namoyish etishga ruxsat berish hamda oziq-ovqat mahsulotlari savdosini yengillashtirish kabi choralar mavjud.
Manba: Reuters
***
Vengriyada “siyosiy inqilob”, Viktor Orban mag‘lub bo‘ldi
12-aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida tarixiy natija qayd etildi: Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatdagi “Tisa” (Tisza) partiyasi g‘alaba qozondi va Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruvi nihoyasiga yetdi. Ushbu saylovlar nafaqat Vengriya, balki butun Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etdi, chunki uning natijalari mamlakatning keyingi yillardagi tashqi siyosatini belgilab beradi.
Manba: Aljazeera
***
Koreya Erondagi urush sabab Qozog‘istondan neft sotib olmoqchi
Janubiy Koreya Qozog‘iston bilan yirik neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzish arafasida turibdi. Janubiy Koreya Sanoat vaziri Kim Chjong-kvanning aytishicha, kelishuv bo‘yicha aniq hajm va logistika masalalari kelasi hafta boshida eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Manba: Reuters
***
Afg‘onistonda suv toshqinlari qurbonlari 189 kishiga yetdi
Afg‘onistonda joriy yil 26-martdan buyon davom etayotgan bir qator tabiiy ofatlar, jumladan, kuchli yomg‘irlar, suv toshqinlari, yer ko‘chkilari va binolarning qulashi oqibatida kamida 189 kishi halok bo‘ldi. Qayd etilishicha, oxirgi ikki kun ichida tabiiy ofat qurbonlari kamida 22 kishini tashkil etgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Idora matbuot kotibi o‘rinbosari Toj Muhammad Xematning so‘zlariga ko‘ra, eng ko‘p o‘lim holatlari uylarning qulashi va toshqin vaqtida cho‘kish bilan bog‘liq.
Manba: Afintl
Avstraliya armiyasini tarixda ilk bor ayol kishi boshqaradi
Avstraliya armiyasiga tarixda ilk bor ayol kishi qo‘mondonlik qiladi. General-leytenant Syuzan Koyl iyul oyidan mazkur lavozimga kirishadi. Hozirda armiyaga general-leytenant Saymon Styuart qo‘mondonlik qilmoqda. Koylning tayinlanishi Avstraliya armiyasi safida ayol ofitserlar ulushini oshirishga qaratilgan harakatning bir qismidir. Armiya tizimli jinsiy zo‘ravonlik va kamsitish bo‘yicha ayblovlar to‘lqiniga duch kelmoqda.
Manba: Reuters
***
Eyfel minorasining bir qismi auksionga qo‘yiladi
Parijda 21-may kuni Eyfel minorasi zinasining bir qismi kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Zina bo‘lagi minoraning ikkinchi qavatidan tepaga ko‘tarilish uchun mo‘ljallangan konstruksiyaning bir qismi hisoblangan. 1983-yilda u demontaj qilingan va 24 qismga bo‘lingan. Ulardan 20 tasi kimoshdi savdosida sotilgan, 4 tasi esa muzeylarga topshirilgan. Sotilgan yigirmata qismdan faqat bir nechtasi Fransiyada qolgan va hali ham o‘zining dastlabki xaridorlari tasarrufida qolmoqda. Qolgan elementlar butun dunyo bo‘ylab nufuzli kolleksiya va ko‘rgazmalarga kiritilgan.
Manba: Artcurial
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi