Budapeshtdan munosabat: O‘zbekistonning ko‘pvektorli tashqi siyosati Yevroosiyodagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqda
May 30, 2026. 10:41 • 3 daq
• 3
BUDAPESHT, 30-may. /“Dunyo” AA/. Vengriya xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtiroki xususida fikr bildirdi:
– Yevroosiyo iqtisodiy kengashi hozirgi kunda sobiq ittifoq hududida eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan mintaqaviy birlashmalardan biri hisoblanadi. U Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida joylashgan hamda nisbatan keng iqtisodiy integratsiyaga ega.
Geosiyosiy jarayonlardagi beqarorlik va so‘nggi yillardagi siyosiy murakkabliklarga qaramasdan, YEOII iqtisodiy o‘sishni davom ettirmoqda: ayrim sohalarda mo‘tadil, ayniqsa qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda esa sezilarli darajada. Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi uchun yagona bozor shakllantirilishi ishtirokchi davlatlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, bojxona tartib-taomillari soddalashtirilgani sababli tovarlar harakati ancha yengillashgan. Bunday holat mehnat bozoriga ham taalluqli.
Shu nuqtayi nazardan, jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo davlati sifatida O‘zbekiston uchun bunday mintaqaviy birlashmalar bilan amaliy va pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatda ko‘pvektorli yondashuvni saqlash muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston uchun o‘z mahsulotlarini barqaror sotish bozorlari hamda strategik import manbalari juda muhim hisoblanadi. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonning beshta yirik savdo hamkorlari orasida Qozog‘iston va Rossiya YEOII a’zolari hisoblanadi. Shuningdek, ushbu davlatlar o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa Ittifoq bilan aloqalarni mustahkamlashni iqtisodiy jihatdan mantiqiy va maqsadga muvofiq qiladi.
Ayni paytda Toshkent nafaqat savdoni kengaytirish, balki sanoatni rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdan ham manfaatdor. Bu esa xorijiy investitsiyalar jalb etish va logistika infratuzilmasini rivojlantirishni talab qiladi.
YEOII bilan pragmatik hamkorlik, istiqbolda bojxona va transport tartiblarini yanada yengillashtirishi mumkin bo‘lib, O‘zbekistonning logistika salohiyatini sezilarli darajada oshiradi hamda mamlakatning mintaqaviy transport yo‘laklaridagi o‘rnini mustahkamlaydi – ham Shimol–Janub yo‘nalishi, ham O‘rta yo‘lak doirasida. Bu borada Qozog‘iston va Qirg‘izistonning YEOII a’zosi sifatida O‘zbekistonga qo‘shni ekani ham muhim omil hisoblanadi.
Fikrimcha, ko‘pvektorli yondashuv Toshkent tashqi iqtisodiy strategiyasining hal qiluvchi elementi bo‘lib qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi sammitida ishtirok etishi esa mamlakat iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va asosiy mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan asosli qadam sifatida baholanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

4–6 iyun kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston va YEOII: global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida amaliy hamkorlikni kengaytirish


