Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Iyun 01, 2026. 15:10 • 4 daq

80
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Janubiy Koreyadagi mudofaa zavodida kuchli portlash sodir bo‘ldi 

Bugun Janubiy Koreyaning Tejon shahridagi mudofaa sanoati korxonalaridan birida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi jarohat oldi. Mamlakat Prezidenti Li Chje Myon voqea yuzasidan barcha mavjud resurslarni safarbar etib, qutqaruv ishlarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Manba: Yonhap

***

BMT AQSH va Xitoy sababli bankrotlik yoqasiga kelib qoldi 

AQSH va Xitoy nazorat uchun kurashda tashkilotga to‘lovlarni to‘xtatib qo‘ygani sababli BMT bankrotlik arafasida turibdi. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlarning BMT oldidagi qarzi 4 mlrd dollardan ortiqni tashkil etadi. Xitoy esa o‘zini tashkilotning asosiy himoyachisi va moliyaviy badallar bo‘yicha amaldagi yetakchi deb atashiga qaramay, to‘lovlarni kechiktirib, tashkilotdagi inqirozni yana-da chuqurlashtirdi. Xitoy TIV rahbari Van Ining tashkilotga tashrifi chog‘ida qariyb 850 mln dollar o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramasdan, XXRning BMTdan 445 mln dollar qarzi bor.

Manba: The Wall Street Journal     

***

Ispaniyada kuchli jazirama sabab 36 kishi halok bo‘ldi

Ispaniyada kuchli jazirama sabab 36 kishi halok bo‘ldi. Ispaniyaning katta qismini kuchli issiqlik to‘lqini qamrab oldi. Mamlakat janubi-g‘arbiy qismida harorat deyarli 40 darajaga yetdi. May oyining o‘rtalaridan beri mamlakatda yuqori harorat saqlanib qolmoqda. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, so‘nggi ikki hafta ichida haddan tashqari issiqlik tufayli kamida 36 kishi vafot etgan.

Manba: Reuters

***

Myanmadagi portlash oqibatida 46 kishi halok bo‘ldi

Myanmaning shimoli-sharqida joylashgan Kaungtup qishlog‘ida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida olti nafar bola ham bor. Qutqaruvchilar maʼlumotiga ko‘ra, yana 74 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Hodisa 31-may kuni Namxkam tumani hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, portlash yuz bergan binoda konchilik ishlari uchun mo‘ljallangan portlovchi moddalar saqlangan bo‘lishi mumkin.

Manba: The Washington Post

***

Putin Armanistonga jiddiy tahdid qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YEOII) chiqqudek bo‘lsa, jiddiy oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirdi. “Armaniston Yevropa Ittifoqi standartlariga o‘tar ekan, biz u bilan iqtisodiy integratsiyani butkul to‘xtatishimiz lozim bo‘ladi. Ular o‘z mahsulotlarini kimga sotadi? Arman vinosini kim oladi? Ular uchun temiryo‘l tariflari oshiriladi. Energiya manbalari bahosini ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. Armaniston fuqarolari Rossiyada ishlash uchun patent olishi zarur bo‘ladi”, – degan Putin Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan YEOII sammitida.

Manba: Meduza

***

Fransiyadagi bayram aʼzaga aylandi

Yevropa Chempionlar ligasi finalida PSJning g‘alabasidan so‘ng Fransiya poytaxti Parijda muxlislarning g‘alabani nishonlash vaqtida ommaviy tartibsizliklar yuz bergan. Maʼlumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi komaga tushgan, 219 kishi jarohatlangan va qariyb 800 kishi qo‘lga olingan.

Manba:BBC News

***

Turkiyada avtobus ishtirokidagi YTHda 7 kishi halok bo‘ldi

Turkiya janubi-g‘arbida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi jarohatlandi. Izimir–Antalya yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan “Pamukkale Turizm” kompaniyasiga tegishli avtobus Denizli–Aydin avtomagistralida yo‘l to‘sig‘iga borib urilgan va yonib ketgan. Avariya Denizli viloyatining Sarayko‘y tumanida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan, yana 30 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Manba: BirGün   

***

AQSH va Eron yana zarbalar almashdi

AQSH dam olish kunlari Eron harbiy obyektlariga zarba berganini maʼlum qildi. Erondagi Muxofizlar korpusi bunga javoban dushanba kuni Kuvaytdagi AQSH harbiy bazasini nishonga oldi. AQSH Markaziy qo‘mondonligining maʼlum qilishicha yakshanba kuni Eronning Ko‘rfaz sohilidagi obyektlariga zarba bergan. Bu hujumlar “xalqaro suv hududlarida parvoz qilayotgan AQSHning MQ-1 dronini urib tushirishni o‘z ichiga olgan Eronning harakatlariga” javoban amalga oshirilgan.

Manba: Reuters  

***

Ebola nazoratdan chiqib ketmoqda

Ebola virusi nazoratdan chiqib, Markaziy Afrikada shiddat bilan tarqalmoqda. Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Ituri provinsiyasida kuzatilayotgan Ebola bezgagining navbatdagi avj olishi misli ko‘rilmagan surʼatlar bilan tarqalmoqda. Hozirgi vaqtga kelib Kongoda 1 mingdan ortiq gumonlanuvchi kasallanish holati va 240 ga yaqin o‘lim holati qayd etilgan. Ebolaning tarixdagi eng halokatli avj olishi 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan. O‘shanda 11 300 dan ortiq inson vafot etgan, kasallanganlar soni esa 28 600 dan oshib ketgan.

Manba: MSF   

***

Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisining qizi qo‘lga olindi

Qirg‘iziston sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va O‘zbekistondagi sobiq elchi Emilbek Uzoqboyevning qizi Meerim Uzoqboyeva qo‘lga olindi. Maʼlum qilinishicha, u davlat mulkini xususiylashtirishdagi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olingan. Gap Bishkekdagi “Qirg‘izayilkomok” korxonasi haqida ketmoqda. Ayni paytda ushbu kompaniya aksiyalarining 63 foizi Uzoqboyevlar oilasiga tegishli. 1993-yilda ommaviy xususiylashtirish to‘lqinida Emilbek Uzoqboyev korxonaning boshlang‘ich 0,5 foiz aksiyalarini sotib olgandi. Keyingi 30 yil davomida u asta-sekin boshqa aksiyadorlardan ulushlarni xarid qilgan va shu tariqa aksiyalarning 63 foizini nazorat qilgan.

Manba: 24.kg

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish