Reabilitatsiyasining “o‘zbek modeli”: O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yetti yillik yakunlari
May 30, 2026. 09:10 • 6 daq
• 176
TOSHKENT, 30-may. /“Dunyo” AA/. Bugun birinchi “Mehr” operatsiyasida 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar Suriyadan vatanga qaytarilganiga 7 yil to‘lish munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Timur Ahmedov “Dunyo” AAga ushbu aksiya bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tarixida mamlakat fuqarolari dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmasin ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish endi shunchaki konstitutsiyaviy majburiyat emas, balki davlatning insonparvarligi va masʼuliyatining oliy namoyoniga aylandi. Bu yo‘ldagi eng murakkab, ammo strategik jihatdan muhim sinovlardan biri Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar zonalaridan vatandoshlarni qaytarish bo‘ldi.
O‘zbekiston dunyoda birinchilar qatorida “begonalashtirish” siyosatidan “qaytarish va marhamat” siyosatiga o‘tib, noyob reabilitatsiya modelini yaratdi.
Bunday birinchi gumanitar operatsiya roppa-rosa yetti yil avval – 2019-yil 30-mayda – Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘i bilan amalga oshirildi. O‘sha missiya davomida urush domida qolgan Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi – asosan ayollar va bolalar – Vatanga qaytarildi. Bu davlat o‘z fuqarolarini kechirishga va bag‘riga bosishga tayyor ekanini ochiq-oydin eʼlon qilgan tarixiy qadam bo‘ldi.
O‘shandan beri umumiy nomi “Mehr”deb atalgan gumanitar operatsiyalar silsilasi boshlandi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusining asosiy konsepsiyasi shundan iboratki, mojarolar zonasiga adashib tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari davlat himoyasiga va yangi hayot boshlash imkoniyatiga haqlidirlar.
Har bir missiya o‘zining logistikasi, xavf darajasi va qaytarilayotgan shaxslar toifasi jihatidan noyob bo‘ldi. 2019-yil oktyabr oyida amalga oshirilgan “Mehr-2” operatsiyasining o‘ziga xosligi shundaki, O‘zbekiston onalari xorijiy qamoqxonalarda jazoni o‘tayotgan 64 nafar bolaning to‘liq vasiyligini o‘z zimmasiga oldi.
2020-yil dekabr oyida, jahon miqyosidagi pandemiyaning qattiq karantin cheklovlariga qaramay, “Mehr-3” missiyasi doirasida Suriyaning “Al-Xol” va “Roj” lagerlaridan, og‘ir sanitariya sharoitidan 98 nafar ayol va bola qutqarib olindi. Ko‘plab bolalar yarador va og‘ir surunkali kasalliklarga chalingan edi. Operatsiya AQSH va xalqaro tashkilotlarning texnik ko‘magi bilan amalga oshirildi.
“Mehr-4” gumanitar operatsiyasi 2021-yil fevral oyida tashkil etildi. Afg‘oniston yo‘nalishidagi bu missiya mamlakat chegaralari yaqinidagi uzoq cho‘zilgan urush girdobida qolgan 24 nafar fuqaroning qaytishini taʼminladi.
“Mehr-5” operatsiyasining yakunlovchi bosqichi 2021-yil aprel oyida amalga oshirilib, Suriyadan 92 nafar kishi – 24 nafar ayol va 68 nafar bola, ulardan 7 nafari mutloq yetim – Vatanga olib kelindi. Ushbu operatsiya doirasida tezkor hujjatlashtirish sxemasi ishlab chiqildi: bolalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayeroportda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berildi va ular darhol huquqiy maqomga ega bo‘lishdi.
Jami “Mehr” operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi qaytarildi, ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi. Bu borada asosiy tamoyil o‘zgarmasdan qolmoqda: bolalar ota-onalarining xatosi uchun javob bermaydi.
Repatriatsiya shunchaki logistik jarayon emas – bu kechagi “adashgan”larni jamiyatning to‘laqonli aʼzolariga aylantirish yo‘lidagi murakkab ishdir. O‘zbek modeli beshta yo‘nalishga asoslanadi:
Birinchi, huquqiy tiklanish. Repatriantlarning 100 foizi hujjatlar bilan taʼminlandi. Mojarolar zonasida tug‘ilgan har bir bolaga O‘zbekiston Respublikasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi berildi – bu tibbiy yordam va taʼlimdan foydalanish imkonini ochdi.
Ikkinchi, iqtisodiy ko‘mak. Davlat odamlarni ehtiyojlar girdobida yolg‘iz qoldirmadi. Imtiyozli kreditlash va kasb-hunarga o‘qitish tizimi orqali ayollar ishli bo‘lishdi, mahallalarida kichik korxonalar ochib, iqtisodiy mustaqillikka erishishdi. Repatriantlarga safarda bo‘lgan vaqtlarida yo‘qotilgan uy-joy huquqlarini tiklashda yordam berilmoqda yoki imtiyozli ijara uy-joylari taqdim etilmoqda.
Uchinchi, inklyuziv taʼlim. Qaytarilgan bolalar maxsus maktablarda emas, balki oddiy sinflarda o‘qiydi – tengdoshlari bilan birga olimpiada va sport musobaqalarida qatnashadi. Bugungi kunda 10 nafarga yaqin repatriant, jumladan, ayollar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda, 9 nafar bola esa respublika va viloyat fan olimpiadalarining g‘olibi hamda sovrindori bo‘ldi.
To‘rtinchi, maʼnaviy-maʼrifiy ko‘mak. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasining nufuzli teologlari va imomlari repatriantlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelmoqda. Ular anʼanaviy hanafiy mazhabining insonparvarlik mohiyatini tushuntirib, uni ekstremistik talqinlarga qarshi qo‘yadi. Qaytib kelganlarning 90 foizdan ortig‘i jamiyatga muvaffaqiyatli moslashdi va dunyoviy hayot kechirmoqda.
Beshinchi, mahalla institutini faol jalb etish. Mahalladagi qo‘shnilar va faollar oilalarga moslashishda ko‘maklashmoqda, stigmatizatsiya (tamg‘alash)ning oldini olib, samimiy qo‘llab-quvvatlash muhitini yaratmoqda. Har bir oilaga mahalladan tajribali murabbiy biriktirilgan bo‘lib, u maishiy qiyinchiliklarni hal qilishga ko‘maklashadi va oiladagi ijtimoiy muhitni kuzatib boradi.
O‘zbekiston fuqarolarini mojarolar zonalaridan repatriatsiya qilish natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidaneng muvaffaqiyatli gumanitar modellardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) “O‘zbek modelini” boshqa hukumatlar uchun yo‘l xaritasi sifatida rasman tavsiya etdi. BMT Bosh kotibining sobiq o‘rinbosari Vladimir Voronkov bu modelni davlat adolat va insonparvarlikni qanday samarali uyg‘unlashtira olishining yorqin namunasi sifatida qayta-qayta taʼkidlagan edi.
Reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi tashabbuslar mintaqaviy yo‘nalishda ham kuchaytirildi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil 3–4-mart kunlari Toshkentda tashkil etilgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakat rejasi doirasidagi mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyada muhim taklifni ilgari surdi. Shavkat Mirziyoyev BMTning Aksilterror boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mutaxassislaridan iborat Mintaqaviy ekspert kengashini tuzishni taklif qildi.
2024-yil may oyida ushbu Mintaqaviy ekspert kengashining faoliyati boshlandi. Bu qurolli mojarolar zonalaridan qaytarilgan shaxslarni kompleks reabilitatsiya va reintegratsiya qilish loyihalarini birgalikda amalga oshirish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos timsoli bo‘ldi. Kengash tarkibiga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 40 dan ortiq yuqori malakali ekspertlar kiritildi – ular orasida huquq-tartibot va sud organlari vakillari, shuningdek, psixologlar, teologlar, tibbiyot va ijtimoiy xodimlar bor.
Loyihaning ahamiyati Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Global hamjamiyat muloqoti va barqarorlikni mustahkamlash jamg‘armasi (GCERF) hamda Xalqaro adolat va qonun ustuvorligi instituti (IIJ) kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning unga qo‘shilishi bilan yana-da tasdiq topdi.
Kengash faoliyati BMTning asosiy maydonlarida taqdim etildi: 2024-yil 11-noyabr va 10 dekabr kunlari – Jeneva va Nyu-Yorkda, 2025-yil 21-may kuni esa Venada taqdimotlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga repatriatsiyaning xavfsizlik uchun tahdid emas, balki uni mustahkamlash vositasi ekanini isbotladi. Xalqaro tashkilotlar bugun O‘zbekistonga shunchaki “vaziyatni tuzatish” uchun emas, balki uning muvaffaqiyatli tajribasini dunyoning boshqa mintaqalarida keng joriy etish uchun sarmoya kiritmoqda.
O‘zbekistonda repatriantlar bilan ishlash hozirda “favqulodda qutqarish” bosqichidan tizimli integratsiya bosqichiga o‘tdi. Mamlakatda davlat ko‘magi va jamoatchilik nazoratini uyg‘unlashtiruvchi yaxlit mexanizm faoliyat yuritmoqda. Davlat repatriantlarning o‘tmishini to‘liq huquqiy jihatdan “yo‘q qilib yuborish”ni taʼminlamoqda, shunda u kelajakka to‘sqinlik qilmaydi. Ilgari jismoniy salomatlikka eʼtibor qaratilgan bo‘lsa, endi urg‘u ruhiy farovonlik va fuqarolik identitetiga (o‘zlikni anglashga) ko‘chirildi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi repatriant – bu soliq to‘lovchi, mahalla tadbirlarining faol ishtirokchisi va farzandlari vatanida o‘z kelajagini qurayotgan ota yoki onadir.
O‘z fuqarolari oldida chegaralarni yopishni afzal ko‘rganlardan farqli o‘laroq, O‘zbekiston rahbariyati masʼuliyat yo‘lini tanladi. O‘zbekiston tajribasi shuni tasdiqlaydi: davlat yordam qo‘lini cho‘zganida, jamiyat mustahkamroq bo‘ladi va xavfsizlik buzilmas bo‘lib qoladi.
O‘zbekistonning bu sohadagi shiori aniq: “Bolalar terrorchi bo‘lib tug‘ilmaydi” va har bir o‘zbekistonlik doimo o‘z Vatanining himoyasida bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

SMTI: Kuchli va o‘zaro bog‘liq Markaziy Osiyo – Yevroosiyo makonining barqarorlik asosi

Xitoydan munosabat: O‘zbek va qozoq yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuvlar ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi


