Bokudan munosabat: O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarida strategik yaqinlashuvning yangi davri boshlanmoqda
Aprel 01, 2026. 10:05 • 4 daq
• 102
BOKU, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning nufuzli “Vesti.az” nashrida taniqli siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 26–27-mart kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, dunyoda global keskin vaziyat hukm surayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro yuqori darajadagi sherikchilik aloqalarini kengaytirmoqda va o‘z xavfsizligini har tomonlama mustahkamlashda davom etmoqda.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi ana shunday hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi. Tashrifning asosiy xususiyati shundaki, Toshkent va Dushanbe amalda ikki tomonlama munosabatlarni “barqaror qo‘shnichilik” rejimidan aniq belgilangan iqtisodiy, investitsiyaviy va mintaqaviy parametrlar bilan boshqariladigan integratsiya formatiga o‘tkazmoqda.
O‘rni kelganda taʼkidlash lozimki, yaqin-yaqingacha mazkur mamlakatlar o‘rtasida murakkab va ziddiyatli munosabatlar mavjud edi. Bu ziddiyatlar ko‘pincha manfaatlar to‘qnashuvi, o‘zaro ishonchsizlik, iqtisodiy va transport aloqalarining amalda parchalanishi bilan kechgan. O‘zbekiston–Tojikiston o‘rtasida chegara va suv-energetika resurslari bilan bog‘liq masalalar uzoq vaqt davomida hal etilmay kelgan. Bu holat ayniqsa Tojikistonda yirik gidroenergetika obyektlari qurilishi jarayonida yaqqol namoyon bo‘lgan. Vaqti-vaqti bilan bu holat transport aloqalarining cheklanishiga, savdo tartib-qoidalarining murakkablashishiga va umumiy davlatlararo hamkorlik darajasining pasayishiga olib kelgan.
Nashrda qayd etilishicha, 2016-yildan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O‘zbekistonning siyosiy yo‘nalishidagi o‘zgarishlar munosabatlarni normallashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Avvalgi ziddiyatli kun tartibidan bosqichma-bosqich voz kechilib, pragmatik yaqinlashuv siyosatiga o‘tildi. Asosiy chegara masalalari hal etildi, transport kommunikatsiyalari tiklandi, chegaradan o‘tish tartibi soddalashtirildi, savdo-iqtisodiy aloqalar faollashdi. Bu esa o‘zaro hamkorlikning yangi modelini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘ldi. Unda resurslar uchun raqobat emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yechimlarni izlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Muallif fikricha, Emomali Rahmonning mazkur tashrifi alohida ahamiyatga ega. U munosabatlarni normallashtirish bosqichi amalda yakunlanganini va mamlakatlar keyingi bosqichga — yaʼni erishilgan ishonch darajasini institutsional jihatdan mustahkamlashga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Ilgari asosiy eʼtibor to‘siqlarni bartaraf etish va to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda muvofiqlashtirish va birgalikda rivojlanishning barqaror mexanizmlarini yaratish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib, nafaqat barqarorlikni, balki uzoq muddatli iqtisodiy va siyosiy natijalarni taʼminlaydigan samarali hamkorlik modelini shakllantirishni nazarda tutadi.
Tashrifning markaziy siyosiy natijasi sifatida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani bejiz emas. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi sanoat kooperatsiyasi va savdodan tortib energetika, transport va xavfsizlikgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarda doimiy muvofiqlashtirishga o‘tishni anglatadi.
Avvalgi formatlardan farqli ravishda, bu tuzilma nafaqat erishilgan kelishuvlarni qayd etish, balki ularning tizimli ravishda amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan. Bu amalda O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarini tarmoqlararo muvofiqlashtirish elementlari bilan boshqariladigan ittifoqchilik darajasiga olib chiqadi.
Ekspert taʼkidlashicha, imzolangan hujjatlar to‘plami mazkur o‘tishni to‘liq tasdiqlaydi. Jumladan, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot bilan bir qatorda, tomonlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirish dasturi, sanoat kooperatsiyasi dasturi, tovarlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi elektron sertifikatlarni o‘zaro tan olish, yuk tashish uchun E-Permit tizimini joriy etish bo‘yicha bitimlar imzoladi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash, chegaraoldi hududlarda radiochastotalarni muvofiqlashtirish, ilmiy hamkorlik sohalarida kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, 2028 yilgacha sanoat, innovatsiyalar, agrosanoat majmuasi, turizm va madaniyat sohalari bo‘yicha yo‘l xaritalarining keng qamrovli dasturi kelishib olindi.
Shu bilan birga, logistika va tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish masalasi ham muhim yo‘nalishga aylanmoqda. Raqamli vositalarni joriy etish, o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish hamda “Oybek–Fotehobod” kabi chegaraoldi savdo zonalarini tashkil etish savdoning barqaror o‘sishi uchun mustahkam infratuzilmaviy asos yaratadi. Uzoq vaqt davomida asosiy cheklov bo‘lib kelgan maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etish esa iqtisodiy dinamikaning yangi bosqichini boshlab beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi