Logo

Qozon shahrida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan filmning taqdimoti o‘tkazildi

Aprel 01, 2026. 14:13 • 2 daq

34
Qozon shahrida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan filmning taqdimoti o‘tkazildi

QOZON, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Tatariston poytaxtidagi “Mir” kinoteatrida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan “Tamerlan” filmining eksklyuziv premyerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur taqdimot “Tatarkino” davlat madaniyat muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda vatandoshlar, madaniyat va jamoatchilik arboblari hamda Qozonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Ushbu noyob loyiha O‘zbekiston, Qozog‘iston va xorijiy kinoijodkorlar hamkorligida yaratilgan bo‘lib, u ilk bor 2025-yil sentyabr oyida “Oltin minbar” XXI Qozon xalqaro kinofestivali doirasida muvaffaqiyatli taqdimot qilingan edi. Tadbir davomida ishtirokchilar Temuriylar Renessansi ­– Ikkinchi Renessans davriga asos solgan Sohibqiron Amir Temurning nafaqat O‘zbekiston milliy davlatchiligi, balki jahon tarixi rivojidagi alohida o‘rnini yuqori baholadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Premyera yakunida tomoshabinlar filmning badiiy saviyasi va tarixiy haqiqatni aks ettirishdagi ahamiyatini yuqori baholab, bu kabi xalqaro loyihalar xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish