Ozarbayjondan munosabat: O‘zbekiston–Qozog‘iston o‘rtasida iqtisod va logistika yo‘nalishda ishonchli integratsiya shakllanmoqda
Aprel 14, 2026. 09:42 • 3 daq
• 178
BOKU, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik taniqli siyosatshunos va jurnalist Alyona Pavlenko “Dunyo” AA muxbiriga Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan yuqori ishonch va strategik yaqinlashuvning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
Bugungi kunda Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlari faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmayapti. Hamkorlik iqtisodiy, infratuzilmaviy va mintaqaviy darajada kengayib, kompleks tus olmoqda.
Xususan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturining imzolanishi va muntazam yuqori darajadagi muloqotlar davlat rahbarlarining siyosiy irodasi amaliy natijalarga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik bu jarayonda asosiy o‘rinni egallamoqda. 10 milliard dollarlik tovar ayirboshlash maqsadi nafaqat raqam, balki sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan strategik vazifadir.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–fevral oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 837,5 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 26,8 foizga oshgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi sarmoyalari ham ortib bormoqda. 2026-yil boshiga kelib, mamlakatda qozog‘istonlik investorlar ishtirokidagi 1221 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Hozirda sanoat kooperatsiyasi doirasida umumiy qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan 78 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Transport va logistika sohasi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ikki davlat temir yo‘l tarmoqlari va chegara infratuzilmasini rivojlantirish orqali Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga intilayotir.
2025-yilda yuk tashish hajmi 32,3 million tonnaga yetib, 16 foizga o‘sdi va so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Bu esa nafaqat savdo hajmining oshganini, balki mintaqaning tranzit ahamiyati kuchayib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Chegara hududida barpo etilayotgan “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ham muhim loyihalardan biri hisoblanadi. Uni 2026-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Ushbu markaz transchegaraviy biznesni rivojlantirish va sanoat integratsiyasini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 3-aprel kuni Toshkent viloyatida zamonaviy ko‘p tarmoqli logistika markazini qurish bo‘yicha EPC shartnomasi imzolandi. Loyiha “PTC Holding”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “China Railway Construction Engineering Group” ishtirokida tashkil etilgan “Silkway CA” qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichiga 84 million dollar sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u temir yo‘l infratuzilmasi, konteyner terminali va zamonaviy logistika xizmatlarini o‘z ichiga oladi.
Suv resurslarini boshqarish sohasida ham hamkorlik mustahkamlanmoqda. 2025-yil noyabr oyida imzolangan transchegaraviy suv obyektlari bo‘yicha bitim suvdan samarali foydalanish, maʼlumot almashish va favqulodda holatlarning oldini olish mexanizmlarini belgilaydi.
Energetika sohasida ham yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, Qirg‘izistonda Norin daryosida qurilayotgan Qambarota GES-1 loyihasi muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, Qozog‘iston 2026-yil 9-aprel kuni Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan “yashil” energiya sohasidagi strategik sheriklik bitimini ratifikatsiya qildi. Ushbu kelishuv qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish, energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash va Kaspiy dengizi orqali elektr energiyasi uzatishni nazarda tutadi.
Umuman olganda, bu jarayonlar Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib, nafaqat ikki tomonlama, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Buxoroda o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar oddiy diplomatik uchrashuv emas, balki yangi mintaqaviy iqtisodiy tizimni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi