Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Yaqin Sharq bozorlariga izchil va samarali kirib bormoqda

Noyabr 25, 2026. 17:30 • 3 daq

• 154
Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Yaqin Sharq bozorlariga izchil va samarali kirib bormoqda

MOSKVA, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti Yaqin Sharq tadqiqotlari markazining kichik ilmiy xodimi Stanislav Lazovskiy “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga amalga oshirgan tashrifi 2025-yil avgust oyida Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandga tashrifi bilan yangi bosqichga ko‘tarilgan ikki tomonlama munosabatlar rivojining mantiqiy davomidir.

Ushbu tashrif nafaqat savdo, balki investitsiya sohasida ham o‘zaro manfaatli kelishuvlar tuzish uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Avvalo, O‘zbekiston uchun ushbu tashrif Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat har ikki tomondan 150 tadan, jami 300 ga yaqin tovar turi bo‘yicha bojxona bojlarini pasaytirishni nazarda tutadi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarining Yaqin Sharq bozoriga eksportini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Iordaniya o‘zbek kapitali uchun muhim savdo-iqtisodiy platformaga aylanishi mumkin. Iordaniyaning AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada hamda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar bilan tuzgan erkin savdo bitimlari o‘zbekistonlik investorlar uchun xalqaro bozorlarga yanada qulay shartlarda chiqish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur tashrif Toshkentning mamlakat eksportida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish strategiyasiga to‘la mos keladi. Chunki farmatsevtika va kimyo sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, texnologiyalar transferi hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Iordaniya uchun ushbu kelishuvlar Markaziy Osiyo bozorlariga kirish eshigi vazifasini o‘taydi. Mamlakatda xomashyo va tabiiy resurslar cheklanganini hisobga olsak, Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim jihat – imzolangan bitimlar loyihalarni amalga oshirish va investitsiyalarni himoya qilishning huquqiy asoslarini belgilab beradi. Bu ham O‘zbekiston, ham Iordaniya tomonidan kiritiladigan sarmoyalar uchun siyosiy xatarlarni kamaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Yaqin Sharq bozorlariga nafaqat savdo-sotiq, balki, eng muhimi, o‘zaro investitsiyalar kiritish va qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali samarali tarzda kirib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish