Varshavadan munosabat: O‘zbekiston–Iordaniya siyosiy ishonchni iqtisodiy hamkorlik bilan mustahkamlamoqda
Noyabr 25, 2026. 15:00 • 3 daq
• 221
VARSHAVA, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polsha Xalqaro munosabatlar markazi Osiyo departamenti direktori Pyotr Opalinskiy “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:
– O‘zbekiston yetakchisining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim voqea bo‘ldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashdi. Xususan, 2025-yil avgust oyida Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat diplomatik munosabatlari tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif bo‘ldi.
Samarqanddagi uchrashuvlarda investitsiya, savdo, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, turizm va boshqa sohalarni qamrab olgan 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Ammondagi bu galgi uchrashuvlar erishilgan siyosiy kelishuvlarni amaliy natijalar bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, Qo‘shma hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish o‘zaro sheriklikning institutsional asoslarini mustahkamlamoqda.
Tashrifning asosiy yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi hozircha katta bo‘lmasa-da, uning o‘sish sur’atlari ijobiy tendensiyani ko‘rsatmoqda.
Tomonlar to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, kimyo, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarini istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilagan. Bu borada ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatlari muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati, keng ichki bozori hamda Markaziy Osiyo mintaqasiga chiqish imkoniyatlari bilan ajralib tursa, Iordaniya farmatsevtika, kimyo sanoati va xizmatlar sohasida muayyan tajribaga ega.
Ayniqsa, farmatsevtika sohasida hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjud. Qo‘shma korxonalar tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali ikki mamlakat nafaqat ichki bozorlar, balki mintaqaviy bozorlar uchun ham mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Tashrif doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu kelishuv bozorlarga o‘zaro kirish imkoniyatlarini yengillashtirish, eksport hajmini oshirish va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Transport sohasidagi hamkorlik doirasida 2026-yil iyul oyida “Royal Jordanian” aviakompaniyasi tomonidan Ammon va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik safarlari, turizm va xalqlar o‘rtasidagi muloqot uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Yana bir istiqbolli yo‘nalish – ta’lim sohasidagi hamkorlikdir. 17–18-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Iordaniya rektorlarining birinchi forumi 35 dan ortiq universitet vakillarini o‘zida jamladi va 65 dan ziyod o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan siyosiy ishonchni iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va ta’lim sohasidagi hamkorlik bilan mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi