O‘zbekiston Prezidenti raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishning ustuvor vazifalari belgilandi
Noyabr 25, 2026. 19:10 • 4 daq
• 29
TOSHKЕNT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholining iqtisodiy faolligini oshirish va tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, 2017-yildan buyon 11 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Erishilgan natijalar odamlarni barqaror va yuqori daromad bilan ta’minlash, o‘rta sinf qatlamini yanada kengaytirish bo‘yicha islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, bu borada hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda mikro, kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotda band aholining 75 foizini qamrab olgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulotning 55 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa korxonalarda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligidan dalolat beradi.
Yirikroq toifaga o‘tayotgan mikrokorxonalar ulushi atigi 4 foizni tashkil etib, xalqaro mezonlardan qariyb 4 barobar past. Ajratilayotgan kreditlarning korxonalar o‘sishiga ta’siri ham yetarli emas.
Axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi atigi 8 foizni tashkil etmoqda.
Shu bois, taqdimotda tadbirkorlikni rivojlantirish va sifatli bandlikni ta’minlashning yaxlit institutsional tizimini shakllantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan, tadbirkorlarga biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va tashqi bozorlarga olib chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu jarayonda korxonaning rivojlanish bosqichi va ehtiyojidan kelib chiqib, kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish hamda kapitalga investitsiya kiritish kabi instrumentlarni qo‘llash kengaytiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlarni o‘qitish, ularga maslahat berish, biznesni boshqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investorlar jalb qilish va eksport bozorlariga chiqishda ko‘maklashish nazarda tutilgan.
Taqdimotda tijorat kreditlashini rag‘batlantirish, banklar va boshqa moliya tashkilotlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish, tadbirkorlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Markaziy bankning takliflari ham ko‘rib chiqildi.
Jumladan, kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish, banklar va moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarga bir ariza orqali bir nechta bankning kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Moliyaviy nizolarni suddan tashqari hal etish va moliyaviy xatarlarni boshqarishning yangi mexanizmlari ham taklif etildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning respublikadan mahallagacha bo‘lgan samarali vertikal tizimini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish taklif etildi.
Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tiladi. Bunda tashkil etilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishi, yaratilgan ish o‘rinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining o‘sishi asosiy mezon bo‘ladi.
Aholi daromadlarini bevosita oshirishga qaratilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, hududlarda umumiy qiymati 81 trillion so‘mlik mingta loyihani amalga oshirish orqali 320 mingta ish o‘rni yaratish, mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish rejalashtirilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030-yilga qadar mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish sur’atlarini ikki barobar oshirish, ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish, norasmiy bandlikni yanada qisqartirish maqsad qilingan.
Tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarda kafolat va kafillik asosida berilgan kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17 foizdan 35 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shular bilan bir qatorda taqdimotda mehnat bozorida talab va taklifni muvofiqlashtirish, bandlik xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, rasmiy ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ustuvor e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida qonunchilikni takomillashtirish, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda davlat mehnat nazoratini yaxshilash bo‘yicha takliflarni kiritish topshirildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga tashabbuslarni yanada puxta ishlab chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichida vazirlik-idoralar vazifalari va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi