“Lazgi” III Xalqaro raqs festivalida Sibirdan kelgan “Yarada” o‘zbek raqs ijrochilari ansambli ishtirok etdi
Aprel 30, 2026. 12:30 • 2 daq
• 120TOSHKENT, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Tomsk shahridagi o‘zbek milliy raqslarini ijro etuvchi “Yarada” raqs ansamblining O‘zbekistonga ilk xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2012-yilda tashkil etilgan mazkur jamoa Sibir hududida o‘zbek milliy raqslarini professional darajada ijro etuvchi yagona rus ansambli hisoblanadi. 2026-yil aprel oyida ular Tomskda o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lgan.
Tashrif dasturidan qator nufuzli madaniy muassasalarda uchrashuv va mahorat darslari o‘rin oldi. Jumladan, “Bahor” davlat raqs ansambli, Respublika xoreografiya maktab-internati, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, “Lazgi” ansambli hamda Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi xoreografiya muassasalari vakillari bilan turli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrif davomida ansambl nafaqat o‘z mahoratini namoyish etdi, balki o‘zbek milliy raqs sanʼati ustalaridan yangi bilim va tajriba ham oldi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri – jamoaning “Lazgi” Xalqaro raqs festivalida ishtirok etishi bo‘ldi. Ushbu festival 30 dan ortiq mamlakatdan 300 dan ziyod sanʼatkor va professional jamoalarni birlashtirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



