O‘zbekiston delegatsiyasi Ulan-Bator shahrida Butunjahon parlamentariy ayollar forumida ishtirok etdi
Oktabr 14, 2026. 10:30 • 2 daq
• 20ULAN-BATOR, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Mo‘g‘uliston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ayol parlamentariylar forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari qator xalqaro muloqot maydonlarida xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu jarayonda fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning o‘rni kabi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Jumladan, Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova forumning parallel panel sessiyalarida ma’ruza bilan qatnashdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali deputati, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi raisining o‘rinbosari Sagaanxүүgiyn Monxbat bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda parlamentlararo guruhlar faoliyatini jonlantirish, sohaviy qo‘mitalar o‘rtasida muntazam muloqot va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



