O‘zbekistonlik yoshlar Germaniya parlamenti va universitetlari faoliyati bilan tanishdi
Iyul 01, 2026. 15:00 • 2 daq
• 205BERLIN, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Germaniyada Turkiston adabiyoti” loyihasi aʼzolari Berlin va Gamburg shaharlarida qator uchrashuvlarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida o‘zbek olimlari va iqtidorli yoshlardan iborat delegatsiya Berlin Gumboldt universiteti hamda Gamburg universitetida bo‘lib, nemis professorlari va talabalari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida “Yangi O‘zbekiston: Mustaqillikning 35 yilligi va bugungi jadid avlodlari” mavzusida taqdimotlar o‘tkazildi, yangi nashr etilgan “Germaniyada Turkiston adabiyoti” to‘plamining birinchi jildi namoyish qilindi.
Yurtimizda maʼrifatparvarlar merosini davlat darajasida tadqiq etish borasidagi izchil islohotlar nemis olimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuvlar doirasida o‘zbek adabiyotidan namunalar o‘qilib, milliy lapar va raqslar orqali xalqimizning boy madaniyati namoyish etildi.
Delegatsiya aʼzolari Berlindagi boshlang‘ich maktablar, Bundestag (eski Reyxstag) faoliyati, nemis taʼlim tizimi va undagi zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi. Elchixonada tashkil etilgan Germaniyadagi vatandosh pedagoglar qurultoyi va madaniy tadbirlar safarga alohida bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Safar ishtirokchilari Germaniyada ko‘rgan yorqin taassurotlari haqida fikr bildirdi.
Buxoro tumanidagi 21-umumtaʼlim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Muhammadali Xoliqovning aytishicha, “Jadidlar izidan” tanlovida ishtirok etishiga oiladagi kitobxonlik muhiti va ustozining tavsiyasi sabab bo‘lgan. Tanlovga tayyorgarlik davomida u jadid bobolar asarlari va maʼrifiy g‘oyalarni chuqur o‘rgangan. Tanlov g‘olibligi unga Germaniyaga taʼlim sayohati imkonini bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, safar davomida u Berlin va Gamburg shaharlaridagi oliy taʼlim muassasalari hamda Germaniya parlamenti faoliyati bilan tanishgan. Ayniqsa, taʼlim muassasalaridagi zamonaviy sharoitlar, o‘quv jarayoni va o‘quvchilar rivojiga qaratilgan eʼtibor unda katta taassurot uyg‘otgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi rahbari professor Shahnoza Madayeva fikriga ko‘ra, ushbu safar taʼlimiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Delegatsiya Germaniyadagi nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarda bo‘lib, jadidlar merosiga oid yangi maʼlumotlar bilan tanishgan.
Delegatsiya vakillarining taʼkidlashicha, Germaniya XX asr boshlarida Markaziy Osiyo ziyolilari uchun muhim ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan va bu tarixiy-maʼrifiy aloqalar hozir ham davom etmoqda. Safarni tashkil etishda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak alohida eʼtirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





