Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik rassomning ko‘rgazmasi ochildi
Iyul 08, 2026. 12:30 • 2 daq
• 125SANKT-PETERBURG, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg Kitob va grafika markazida isteʼdodli o‘zbek rassomi Jamshid Izbosarovning “Taqdir vaqti” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda olimlar, sanʼatshunoslar va ushbu shahardagi ixtisoslashgan badiiy taʼlim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
Jamshid Izbosarov yuqori akademik tayyorgarlik maktabiga ega. U P.P.Benkov nomidagi Toshkent respublika rassomlik kollejini tamomlagach, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olgan.
Rassomning ijodiy mahorati O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan qator ko‘rgazmalarda eʼtirof etilgan. Uning asarlari avval ham Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi nufuzli sanʼat markazlarida namoyish etilgan.
Muallifning abstrakt rangtasvir yo‘nalishidagi ijod namunalarini qamrab olgan ushbu ekspozitsiya so‘nggi uch yil davomida shakllantirilgan. Ko‘rgazma konseptual jihatdan ikki guruhga ajratilgan: rassomning qadrdon shahri Navoiyda yaratilgan turkum asarlari hamda Sankt-Peterburgda chizilgan polotnolar.
Bunday o‘ziga xos yondashuv geografik va madaniy muhitning o‘zgarishi taʼsirida muallif ijodiy uslubining rivojlanish tadrijini yaqqol kuzatish imkonini beradi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari o‘zbek rassomi mahorati va asarlarining falsafiy teranligiga yuqori baho berdi.
Jamshid Izbosarovning shaxsiy ko‘rgazmasi shu yil 15-iyulga qadar davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

