“Kommersantʼ” gazetasi: O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudi va Moliya markazi tashkil etilmoqda

Iyul 23, 2026. 18:30 • 2 daq

93
“Kommersantʼ” gazetasi: O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudi va Moliya markazi tashkil etilmoqda

MOSKVA, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Kommersantʼ” gazetasida “O‘zbekiston xalqaro tijorat sudi va moliya markazini tashkil etmoqda” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) va u bilan bog‘liq xalqaro tijorat sudini tashkil etish orqali xorijiy investorlar uchun jozibadorligini yana-da oshirishni maqsad qilgan.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonun haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu qonun 25-iyul kuni kuchga kiradi.

Qayd etilishicha, TXMMning asosiy tarkibiy qismi birinchi instansiya va apellyatsiya sudini o‘z ichiga oluvchi Toshkent xalqaro tijorat sudi (TXTS) bo‘ladi. Bu sud markaz faoliyati bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlarni, jumladan, tijorat, korporativ va moliyaviy nizolarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega.

Tomonlarning o‘zaro roziligi bilan TXTS boshqa toifadagi nizolarni ham ko‘rib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, sud Toshkent xalqaro arbitraj markaziga daʼvoni taʼminlash choralarini ko‘rish, arbitrlarga raddiya bildirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish hamda arbitraj qarorlarini ijro etish kabi xizmatlarni ko‘rsatish orqali ko‘maklashadi.

Shuningdek, TXMM hududida noyob huquqiy rejim amal qilishi xabar qilingan. O‘zbekiston milliy qonunchiligi bilan bir qatorda, Angliya va Uels huquqi hamda umumiy huquq va adolat tamoyillari (milliy qonunchilikka zid bo‘lmagan qismida) qo‘llanilishi mumkin.

Markaz qarorlarining ingliz tilidagi rasmiy nashri ularga yuridik kuch berish uchun majburiy hisoblanadi. Regulyatorlikka oid ko‘plab o‘zgartishlar jamoatchilik muhokamasi va baholashidan o‘tkaziladi.

Maqola xulosasida ixtisoslashtirilgan sud va arbitraj infratuzilmasining yaratilishi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonni nizolarni hal etish bo‘yicha nufuzli xalqaro maydon sifatida ilgari surishning asosiy vositalaridan biri sifatida baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish