“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy filmi xalqaro kinofestivalda sovrindor bo‘ldi
Iyul 20, 2026. 17:30 • 2 daq
• 147
CHO‘LPON-OTA, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. 16–19-iyul kunlari Cho‘lpon-ota shahridagi “Rux Ordo” madaniyat markazida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi xabar berishicha, Issiqko‘l sohilida bo‘lib o‘tgan ushbu kinofestival SHHTga aʼzo sakkizta davlatning kinematografiya sohasi vakillari — rejissyorlar, aktyorlar, ssenaristlar, prodyuserlar va kinokritiklarni birlashtirdi.
Tadbir doirasida tanlov filmlari namoyishi, kinematografiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan professional munozaralar va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tanlov dasturi yakunlariga ko‘ra, xalqaro hayʼat aʼzolari asosiy nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqladi:
Eng yaxshi rejissyorlik ishi — Lan Xunchun (Xitoy), “Qadrdonim” filmi;
Eng yaxshi ssenariy — Azat Hakimov (Qozog‘iston), “Kuzgi shabada” filmi;
Eng yaxshi operatorlik ishi — Sergey Astaxov (Rossiya), “Ladoga farishtalari” filmi;
Eng yaxshi montaj — Olga Reshetnikova (Belarus), “Ikkimizga bir hayot” filmi;
Eng yaxshi musiqa — Qosim Muinzoda (O‘zbekiston), “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi;
Eng yaxshi erkak roli — “Qarmoqdagi baliqcha” (Tojikiston va Eron hamkorligidagi film) filmi aktyori;
Eng yaxshi ayol roli — Shabnam Gorbani (Eron), “O‘yinchi” filmi.
Oliy mukofot — oltin turna shaklidagi mualliflik haykalchasini “Qirg‘izfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Aktan Arim Kubatning “Qora, qizil, sariq” filmi qo‘lga kiritdi.
Bosh mukofotni topshirish oldidan Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev SHHTga aʼzo davlatlarning birinchi Xalqaro kinofestivalini o‘tkazish madaniy hamkorlik uchun muhim voqea bo‘lganini taʼkidladi.
“Kinofestivalda biz yorqin va mazmunan boy filmlarni ko‘rdik, yangi nomlar bilan tanishdik, tajriba almashdik hamda kino tili chegara bilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Kino turli madaniyatlar, anʼanalar va dunyoqarashga ega insonlarni birlashtirib, bir-birini yaxshiroq tushunishga yordam beradi”, — dedi vazir.
Mirbek Mambetaliyev festivalning ishtirokchi davlatlariga, xalqaro hakamlar hayʼati aʼzolariga, rejissyorlar, prodyuserlar, aktyorlar va tashkilotchilarga tadbirni o‘tkazishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorlik bildirdi.
Gran-pri sohibi Aktan Arim Kubat zamonaviy kinofestivallar nafaqat mukofot topshirish maydoni, balki yangi xalqaro loyihalarni yaratish maydoniga aylanishi kerakligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi