Xalqaro teatr festivalida “Qasam” o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Sentabr 18, 2026. 09:00 • 2 daq
• 166MINSK, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Brest shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Belaya Veja” 30-xalqaro teatr festivalida O‘zbekiston davlat yoshlar teatri jamoasi ham qatnashmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Belaya Veja” jahondagi nufuzli xalqaro teatr forumlaridan biri bo‘lib, har yili turli mamlakatlardan kelgan ijodiy jamoalarni birlashtiradi.
Bu yilgi yubiley festivalida 11 mamlakatdan 31 ta teatr jamoasining spektakllari tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Festival 30 yil ichida dunyoning 60 dan ortiq davlati sanʼatkorlarini birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Festivalda o‘zbek ijodkorlari tomonidan “Qasam” spektakli namoyish qilindi. Ushbu sahna asarida 1920-yillarda chet elga bilim olish uchun jo‘natilgan, biroq vataniga qaytganidan so‘ng siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan o‘zbek yoshlarining fojiali hayoti hikoya qilinadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar bir necha yo‘nalishda jadal rivojlanib bormoqda. Shu maʼnoda, “Belaya Veja”da ishtirok etish o‘zbekistonlik ijodkorlarga xorijiy teatr hamjamiyati vakillari bilan tajriba almashish imkonini berdi.
Ishtirokchilar 19 sentyabrga qadar o‘z spektakllarini namoyish etish, kasbiy tajriba almashish hamda tomoshabinlarni turli teatr anʼanalari bilan tanishtirishda davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

