Daniyada O‘zbekistonning milliy hunarmandchilik anʼanalari namoyish etildi
Sentabr 11, 2026. 10:00 • 2 daq
• 155ORXUS, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Daniyada o‘tkazilgan “Aarhus Festuge–2026” madaniyat festivali doirasida O‘zbekistonning boy milliy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini targ‘ib etishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu uchrashuvlar Daniyadagi “O‘zbek tashabbuslari” tashkiloti, Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda mamlakatimizning Stokgolmdagi elchixonasi hamkorligida amalga oshirildi.
Festival doirasida “Åby” kutubxonasida mashhur Rishton kulolchilik maktabi anʼanalariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi. Unda daniyaliklar va Orxus shahri mehmonlari Rishton kulolchiligiga xos milliy naqshlardan ilhomlangan holda chinni likopcha va finjonlarni o‘z qo‘llari bilan bezadi.
Ishtirokchilarga Rishton kulolchilik maktabining tarixi, uning o‘ziga xos rang va naqshlari, milliy bezaklarning mazmun-mohiyati, Farg‘ona vodiysining qadimiy hunarmandchilik anʼanalari va o‘zbek amaliy sanʼatining boy merosi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirning o‘ziga xos jihati shundaki, mehmonlar O‘zbekiston madaniyati bilan faqat taqdimot va maʼlumotlar orqali emas, balki milliy naqshlar, ranglar va bevosita ijodiy jarayon vositasida tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Bu ishtirokchilarda o‘zbek xalqining ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari va sanʼatiga katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur madaniy-maʼrifiy tashabbus O‘zbekistonning boy milliy merosini Yevropada keng targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, xorijiy jamoatchilikning mamlakatimiz tarixi, sanʼati va sayyohlik salohiyatiga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



