Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi

Sentabr 09, 2026. 08:55 • 2 daq

599
Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi
Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi
Ar-Riyozda o‘zbek miniatyura sanʼati ko‘rgazmasi ochildi

AR-RIYOZ, 9-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Miniatyura sanʼati: Buxorodan Arabiston yarim oroligacha. Muqaddas qadamjolar yo‘lidagi tarix” nomli madaniy kecha va ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda diplomatik korpus, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat va sanʼat arboblari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada o‘zbek ustalarining 35 ta ijodiy ishi namoyish etilib, ular tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston miniatyura rangtasviri tarixi, badiiy xususiyatlari va anʼanalari bilan tanishtiradi.

O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va o‘zbek-saudiya madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishda madaniyatning o‘rnini taʼkidladi.

“AlMashtal” kreativ markazi rahbari, malaka Nura bint Saud bin Naif Al Saud O‘zbekistonni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, miniatyura sanʼatini islom badiiy merosining bir qismi sifatida saqlab qolish ahamiyatini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston tomonidan Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori Gulabza Qarshiyeva O‘zbekistonda miniatyura san’ati rivoji, uni asrab-avaylash, o‘rganish va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston badiiy merosining muhim qismi sifatida miniatyuraning ahamiyati, uning tarixiy xotira va madaniy an’analarni saqlashdagi roliga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida o‘zbekistonlik miniatyura ustalarining 35 ta asaridan iborat ko‘rgazma namoyish etildi. Ko‘rgazma mehmonlarga ushbu qadimiy san’at turining o‘ziga xos xususiyatlari, uning badiiy usullari, syujetlari va eng mayda detallarga e’tibori bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Taʼlim va sanʼat sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Saudiya universitetlari vakillari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar va kasbiy aloqalarni o‘z ichiga olgan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun ikki kun davomida ochiq bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek mutaxassislari rahbarligida 35 nafar saudiyalik havaskor rassomlar va yosh ustalar uchun amaliy mahorat saboqlari o‘tkaziladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish