“Travel Tomorrow”: Toshkentdagi tarixiy tramvay deposi Zamonaviy san’at markaziga aylantirildi

Sentabr 20, 2026. 15:00 • 2 daq

304
“Travel Tomorrow”: Toshkentdagi tarixiy tramvay deposi Zamonaviy san’at markaziga aylantirildi

BRYUSSЕL, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning ixtisoslashgan “Travel Tomorrow” portalida “Studio KO Toshkentdagi tarixiy tramvay deposini Zamonaviy san’at markaziga aylantirdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent markazidagi sobiq tramvay deposi va dizel elektrostansiyasi binosi Parijning “Studio KO” arxitektura byurosi tomonidan rekonstruksiya qilinib, O‘zbekistondagi birinchi doimiy Zamonaviy san’at markaziga (CCA) aylantirildi.

Markaz joriy yilning 6-sentabr kuni o‘z eshiklarini ochdi. Tarixi 1912-yilga borib taqaladigan ushbu sanoat majmuasi 2019-yilda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga (ACDF) topshirilgan edi. Loyiha doirasida eski ma’muriy bino kitob do‘koni va tadqiqot kutubxonasiga aylantirildi, ichki hovli esa ochiq osmon ostidagi mahorat saboqlari va kinonamoyishlar uchun moslashtirildi.

Rekonstruksiya jarayonida mahalliy xomashyo va an’anaviy hunarmandchilik usullaridan keng foydalanildi. Xatto maxsus sopol plitkalarni tayyorlash Toshkentdagi Rahimovlar kulolchilik sulolasiga topshirildi. Me’morlarning asosiy vazifasi hududning sanoat merosini saqlab qolgan holda, milliy dekor elementlarini uyg‘unlashtirishdan iborat bo‘ldi.

Markaz o‘z faoliyatini doktor Sara Raza kuratorligida o‘tkazilayotgan “Hikmah” nomli ko‘rgazma bilan boshladi. Unda mahalliy va xorijiy musavvirlarning tarixiy an’analar hamda zamonaviy san’at uyg‘unligiga bag‘ishlangan 11 ta asar taqdim etilgan.

“Travel Tomorrow” nashrining yozishicha, Toshkent Zamonaviy san’at markazi yil davomida ko‘rgazmalar, tadqiqot dasturlari va xalqaro loyihalarni o‘tkazib boradi. 

“Hikmah” ko‘rgazmasi esa 2027-yil 31-yanvarga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish