Moskvada O‘zbekiston–Rossiya madaniyatiga bag‘ishlangan “Art-karvon” ko‘rgazmasi tashkil etildi
Oktabr 27, 2026. 14:30 • 2 daq
• 171MOSKVA, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Moskvadagi Zurab Sereteli san’at galereyasida o‘zbek va rus rassomlarining ijod namunalarini o‘zida jamlagan “Art-karvon: madaniyatlar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ekspozitsiya Rossiya Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim etildi. Ko‘rgazmada 18 nafar rassom, jumladan, Rustam Bozorov, Ibrohim Valixo‘jayev, Dilorom Rahimova, Xurshed Xalilov, Tatyana Babushkina, Viktor Gluxov va boshqa mualliflarning asarlari o‘rin olgan.
Tadbir ishtirokchilari mushtarak meros, xususan, Yevropa modernizmi, rus plener rangtasviri va Sharq miniatyurasi tutashgan nuqtada shakllangan Turkiston rangtasvir maktabi an’analaridan bahramand bo‘ldi.
Rassomlar ijod namunalarini yorqin bo‘yoqlar, bezakdorlik va tasviriy san’atning o‘ziga xos xususiyatlari orqali yangicha talqin qildi. O‘zbekiston me’morchiligi, rangtasviri va koloriti ko‘rgazmaga o‘zgacha joziba baxsh etdi.
Moskva rassomlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Aleksey Petrov ko‘rgazmaga ham san’at bilimdonlari, ham O‘zbekistonda bo‘lgan yoki ushbu mamlakatga sayohat qilishni rejalashtirayotgan tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini ta’kidladi.
Tashrif buyuruvchilarning fikricha, ekspozitsiya O‘zbekiston muhitini his qilish va badiiy muloqot ikki mamlakat madaniyatini qanday birlashtirayotganini ko‘rish imkonini berdi. “Art-karvon” loyihasi Rossiya va O‘zbekiston rassomlari o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni mustahkamlash maydoniga aylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







