Registon maydonidagi Sherdor madrasasi tarixiy fasadini ta’mirlashning birinchi bosqichi yakunlandi
Iyun 05, 2026. 19:25 • 2 daq
• 113
SAMARQAND, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Registon maydonidagi O‘zbekiston me’moriy merosining yorqin yodgorliklaridan biri bo‘lgan Sherdor madrasasi fasadini ta’mirlashning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, marosimda AQSH Davlat kotibining jamoatchilik diplomatiyasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojers, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va AQSH elchisi Jonatan Xenik ishtirok etdi.
AQSHning Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchilar jamg‘armasi (AFCP) ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha uch bosqichdan iborat. Unga ko‘ra, Sherdor madrasasining tarixiy peshtog‘i, mozaikalari, mayolika bezaklari, bezakli elementlari va kufiy xatidagi bitiklarni saqlab qolish, shuningdek, restavratsiya sohasi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan. Marosim doirasida restavratsiya ishlarining birinchi bosqichi natijalari taqdim etildi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va madaniy merosni asrash sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni yanada rivojlantirishni nazarda tutuvchi besh yillik hamkorlik “Yo‘l xaritasi” ham imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




