Mazori-Sharifda Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi o‘zbek ziyolilari bilan adabiy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
Iyun 20, 2026. 09:10 • 2 daq
• 131
MAZORI-SHARIF, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston konsulxonasida Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida istiqomat qiluvchi bir guruh o‘zbek ziyolilari, shoir va yozuvchilar hamda akademik doira vakillari ishtirokida adabiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Afg‘onistondagi vatandoshlar o‘rtasida buyuk ajdodlarimiz merosini targ‘ib etish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi. Unda Balx, Samangon, Juzjon va Saripul viloyatlaridan kelgan huquqshunoslar, adabiyotshunoslar va ijodkorlar qatnashdi.
Muloqot davomida ishtirokchilar Afg‘oniston zaminida mangu qo‘nim topgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi ulug‘ mutafakkirlar ijodi haqida so‘z yuritib, ularning asarlari asrlar davomida umuminsoniy qadriyatlar va ma’naviy kamolot manbai bo‘lib kelayotganini ta’kidladilar. Allomalarning insonparvarlik va ilm-ma’rifatga chorlovchi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani, shu bois yosh avlod bu merosni chuqur o‘rganishi zarurligi qayd etildi.
Uchrashuvda Balx universiteti O‘zbek va turkiy tillar departamenti professor-o‘qituvchilari Afg‘onistonda o‘zbek tili nufuzini oshirish masalalariga to‘xtaldilar. Departament mudiri Ustoz Sayfulloh mahalliy yoshlar orasida ona tiliga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, ta’lim bo‘limi faoliyatini sifat jihatidan qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdi.
Shu munosabat bilan, afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida maqsadli grantlar ajratish hamda ijodkorlar uchun O‘zbekistondagi adabiy markazlarga tajriba almashish safarlarini uyushtirish takliflari ilgari surildi.
Madaniy do‘stlik ramzi sifatida afg‘onistonlik adiblar o‘zlari tomonidan chop etilgan 26 jilddan iborat she’riy va tarjima asarlari to‘plamini O‘zbekiston Konsulxonasiga hadya qildilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi