Minskdagi gastronomik festivalda o‘zbek milliy taomlari namoyish qilindi
Iyun 19, 2026. 16:00 • 2 daq
• 137MINSK, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Belarus poytaxtida diplomatik vakolatxonalar o‘rtasida xalqaro gastronomik festival bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur xalqaro tadbirda mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar tomonidan milliy oshxonalarning o‘ziga xos va jozibador jihatlari keng namoyish etildi.
Festivalda dunyoning 17 mamlakati – Buyuk Britaniya, Germaniya, Zimbabve, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Myanma, BAA, Rossiya, Suriya, Sudan, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston va Shveysariya vakillari o‘z milliy stendlari bilan qatnashdi.
O‘zbekiston stendi konsepsiyasi umumiy tarix va ko‘p asrlik an’analar bilan bog‘langan xalqlarning mehmondo‘stligi, o‘zaro hurmati, birligi va ma’naviy yaqinligini ifoda etuvchi umumiy dasturxon timsoli orqali ochib berildi.
Ushbu o‘ziga xos yondashuv O‘zbekistonning nafaqat boy madaniy merosga ega mamlakat, balki insonparvarlik, oilaviy qadriyatlar va samimiy munosabatlar alohida qadrlanadigan yurt ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Milliy taomlar taqdimotida O‘zbekistonning Belarusdagi turizm elchisi Vasilina Mitskevich faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston stendini Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov alohida qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi. Vazir o‘tgan yili O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini yodga olar ekan, safar davomida o‘z hamkasbi va do‘sti – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov tomonidan ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik hamda o‘zbek milliy taomlarining betakror ta’mi unda unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



