“Infora News”: O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro muloqot maydoniga aylantirmoqda

Iyul 08, 2026. 15:30 • 2 daq

57
“Infora News”: O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro muloqot maydoniga aylantirmoqda

ISLOMOBOD, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Infora News” onlayn nashrida O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanganidek, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” shiori ostida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘z ishini boshladi.

“Shu yil 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan forum dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan qariyb 300 nafar nufuzli mehmonni bir maydon atrofida to‘pladi. Ular orasida xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, olimlar, islomshunoslar, qo‘lyozmalar bo‘yicha mutaxassislar, muzey, kutubxona hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor”, – deyilgan maqolada.

Maqolada yozilishicha, forumning asosiy maqsadi Islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va maʼnaviy merosini o‘rganish, uni asrash va xalqaro ilmiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan iborat.

Shuningdek, tadbir doirasida hadisshunoslik, kalom ilmi, qo‘lyozmalarni tadqiq etish, arxeologiya, muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish va madaniy diplomatiya kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilinayotgani qayd etilgan.

“Infora News” forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirilganini xabar qilgan.

Forum doirasida ICESCO va boshqa xalqaro hamkorlar bilan tayyorlangan yangi ilmiy nashrlar va qo‘shma loyihalar taqdimoti, shuningdek, xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandum hamda kelishuvlarni imzolash rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazilib, ularda hadisshunoslik, islom tafakkuri, qo‘lyozmashunoslik va madaniy merosni asrash masalalari muhokama qilinadi.

“Mazkur xalqaro forum O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi boy merosini ilmiy asosda o‘rganish, uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish va turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy-maʼrifiy muloqotni rivojlantirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarining yana bir amaliy ifodasi bo‘lmoqda”, – deb yozilgan maqola xulosasida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish