Logo

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 12 mamlakatdagi hamkasbi bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi

Mart 03, 2026. 19:07 • 2 daq

191
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 12 mamlakatdagi hamkasbi bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi

TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va mintaqada saqlanib qolayotgan murakkab vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ziddiyatni yumshatish va tartibga solishning siyosiy-diplomatik mexanizmlarini ilgari surishga ko‘maklashishga qaratilgan faol diplomatik saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bir qator davlatlardagi hamkasblari bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi:

- Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy,

- Pokiston Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri va senatori Muhammad Isʼhoq Dor,

- Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol Soniy,

- Quvayt tashqi ishlar vaziri Shayx Jarroh as-Saboh,

- O‘mon tashqi ishlar vaziri Said Badr bin Hamad Al-Busaidiy,

- Iordaniya Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriantlar ishlari vaziri Ayman Safadiy,

- Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Alzayani,

- Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov,

- Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon,

- Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud,

- Ispaniya tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik ishlari vaziri Xose Manuel Albares Bueno,

- Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi.

Suhbat chog‘ida tomonlar Yaqin Sharqdagi nizoli vaziyatning rivojlanishi va uning ehtimoliy mintaqaviy oqibatlari, shuningdek, Afg‘oniston–Pokiston chegarasi bo‘ylab sodir bo‘layotgan qarama-qarshilik yuzasidan fikr almashdi. Vazminlik ko‘rsatish, vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va diplomatik saʼy-harakatlarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat suvereniteti va hududiy yaxlitlik prinsiplariga, xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya etish, ishonch choralarini mustahkamlash va yuzaga kelayotgan barcha xavf-xatarlarni faqat tinch, siyosiy-diplomatik vositalar bilan hal etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Qator suhbatlarda O‘zbekiston Prezidentining tegishli davlatlar rahbariyati va xalqlariga birdamlik, qo‘llab-quvvatlash va hamdardlik so‘zlari yetkazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish