“Al-Khabar Al-Youm”: Misr kompaniyalari O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda

Oktabr 08, 2026. 15:00 • 2 daq

• 96
“Al-Khabar Al-Youm”: Misr kompaniyalari O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda

QOHIRA, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Khabar Al-Youm” nashrida Misr Savdo vakolatxonasining O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Misrning Istanbuldagi Savdo vakolatxonasining Toshkentga xizmat safari amalga oshirilgan. Tashrif doirasida Misr delegatsiyasining O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investitsiyalar agentligi, maxsus industrial zonalar hamda yengil sanoatni rivojlantirishga mas’ul idoralar vakillari bilan qator uchrashuvlari tashkil etildi.

Muloqotlar jarayonida sanoat, investitsiya va savdo sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari, mavjud loyihalar va imtiyozlar muhokama qilindi.

Xususan, Toshkentdagi Turkiyaning “OSTIM” maxsus industrial zonasi faoliyati o‘rganilib, uning sanoat va investitsiyalarni jalb etish tajribasidan O‘zbekiston–Misr hamkorligida foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Maqolada yozilishicha, muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida, tegishli vazirlar ishtirokida Misr–O‘zbekiston biznes-forumini o‘tkazishga kelishildi. Forum doirasida investitsiya va savdo imkoniyatlarini taqdim etish, B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni shakllantirish rejalashtirilgan.

Biznes-forumda asosiy e’tibor to‘qimachilik va kiyim-kechak, farmatsevtika, qurilish materiallari va pudrat ishlari kabi ustuvor tarmoqlarga qaratiladi.

Misr tomoni O‘zbekistonning jadal iqtisodiy o‘sishi va Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalari uni Misr kompaniyalari uchun mintaqaviy bozorlarga chiqishda muhim ko‘prikka aylantirayotganini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish