RBK: Rossiya va O‘zbekiston raqamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va biznes uchun tartib-qoidalarni soddalashtirishdan manfaatdor

Oktabr 08, 2026. 10:00 • 2 daq

• 164
RBK: Rossiya va O‘zbekiston raqamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va biznes uchun tartib-qoidalarni soddalashtirishdan manfaatdor

MOSKVA, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “RBK” axborot portalida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi sheriklik aloqalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Maqolada yurtimizda o‘tkazilgan “Rossiya–O‘zbekiston: raqamli ko‘prik – texnologiyalar va imkoniyatlar” mavzusidagi biznes-missiya haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tadbir doirasida Rossiya delegatsiyasi “Ict Week Uzbekistan” xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida ishtirok etib, O‘zbekistonning davlat va xususiy sektori vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlarini transchegaraviy elektron hujjat aylanmasi , kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari tashkil etdi. 

Xususan, Soliq qo‘mitasi hamda “Yangi texnologiyalar” AJ ilmiy-axborot markazi rahbariyati bilan uchrashuvlarda Rossiya elektron imzolarini ishonchli uchinchi tomon orqali tan olish, elektron hisobvaraq-fakturalar tizimini integratsiya qilish va soliq monitoringida sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqotlar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan davom etdi. Unda elektron tijoratda generativ sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlarni himoya qilish standartlari va Rossiyaning IT-yechimlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirishdagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Portalda yozilishicha, biznes-missiyaning muhim tadbirlaridan biri “O‘zbekiston va Rossiya raqamli alyansi: transchegaraviy elektron hujjat aylanmasi, me’yoriy tartibga solish va kiberbarqarorlikni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusidagi plenar sessiya bo‘ldi. Unda transchegaraviy elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha o‘tkazilgan pilot loyiha natijalari sarhisob qilindi.

Missiya doirasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma quyi komissiya yig‘ilishi ham o‘tkazilib, elektron hujjatlar sohasidagi qonunchilikni amalga oshirishning keyingi bosqichlari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar va B2B formatidagi muzokaralar ikki davlat biznes doiralarining raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish