Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi AQSh va Kanada OAVlari nigohida

Oktabr 23, 2026. 14:00 • 3 daq

• 128
Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi AQSh va Kanada OAVlari nigohida
Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi AQSh va Kanada OAVlari nigohida
Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi AQSh va Kanada OAVlari nigohida

VASHINGTON, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Amerika va Kanadaning qator OAVlari hamda tahlil markazlari tomonidan AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha turli maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

E’lon qilingan materiallarda investitsiyalarni jalb qilish, muhim mineral resurslarni o‘zlashtirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish, muqobil transport yo‘nalishlarini shakllantirish va mintaqaviy davlatlarning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish masalalariga alohida urg‘u berilgan.

Xususan, AQShning “Carnegie Endowment for International Peace” tahliliy markazi tomonidan chop etilgan maqolada AQShning Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan iqtisodiy qiziqishi kuchayib borayotgani ta’kidlangan.

Muallif Jennifer Murtazashvilining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari uchun Amerika kapitali, savdo aloqalari va tranzit infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish muhim ahamiyatga ega. 

Shu bilan birga, mintaqadagi loyihalarni amalga oshirishda shartnomalarning huquqiy kafolatlanganligi, investitsiya shartlarining ochiqligi va boshqaruv tizimining shaffofligi hal qiluvchi omillar sanaladi.

Kanadaning “Asia Times” tahliliy nashrida “Rubioning Markaziy Osiyo bo‘yicha takliflari faqat mineral resurslar bilan cheklanmaydi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Muallif Seyma Afzal AQShning mintaqadagi iqtisodiy faolligini xomashyo yetkazib berishni kengaytirishdan ko‘ra kengroq jarayon sifatida baholaydi.

Nashrda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari Amerika investitsiyalaridan foydalanib, faqat xomashyo eksport qiluvchi mamlakatlar maqomida qolib ketmasdan, uni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, malakali ish o‘rinlarini tashkil etish va milliy sanoat salohiyatini oshirishga intilmoqda.

Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya, Xitoy va boshqa hamkorlar bilan mavjud iqtisodiy aloqalarini saqlagan holda yangi sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish istagida ekani haqida ham ma’lumot berilgan.

Muallif Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish uchun yirik moliyaviy resurslar, bojxona va chegara tartib-taomillarini takomillashtirish hamda ishonchli logistika xizmatlari zarurligini ta’kidlagan.

Amerikaning “EIN Presswire” iqtisodiy axborot nashrida qayd etilishicha, “PowerScape Global” kompaniyasi O‘zbekistonda ko‘mirni energiyaga aylantirish va o‘g‘it ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent viloyati hokimligi bilan memorandum imzolagan. 

Nashrda AQShning energetika texnologiyalariga ixtisoslashgan mazkur kompaniya va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasidagi kelishuv haqida ma’lumot berilgan.

Ushbu memorandum Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va “PowerScape Global” kompaniyasi asoschisi hamda bosh direktori Karl Mur o‘rtasidagi uchrashuvda imzolangan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hujjat Marko Rubioning Markaziy Osiyoga tashrifi va Samarqanddagi “C5+1” vazirlar uchrashuvi doirasida shakllangan iqtisodiy hamkorlik muhiti bilan bog‘liq.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish