Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi

Oktabr 20, 2026. 16:30 • 3 daq

• 179
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi
Marko Rubio: AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi

VASHINGTON, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Xorijiy OAV AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifini Vashingtonning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ishtirokini kengaytirishga urinish sifatida baholamoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bloomberg” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tashrif davomida savdo, investitsiya va texnologiyalar sohasida 54 ta bitim imzolangani e’lon qilindi. Ushbu bitimlar to‘liq amalga oshirilgach, ularning umumiy qiymati 12 milliard dollarga yetishi mumkin.

Tashabbuslar orasida “GE Aerospace” kompaniyasining “Uzbekistan Airways” bilan hamkorligi, o‘zbek korxonalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda tog‘-kon sanoatidagi loyihalar o‘rin olgan.

“The Diplomat” nashrining ta’kidlashicha, 300 ga yaqin Amerika kompaniyasining ishtiroki yangi shartnomalar uchun imkoniyatlar ochadi. Biroq hamkorlikning barqarorligi kelishuvlarning amalga oshirilishi va uzoq muddatli investitsiyalar oqimiga bog‘liq bo‘ladi. Mintaqa uchun nafaqat savdo bitimlari, balki ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda infratuzilmani rivojlantirish ham muhimdir.

“Semafor”ning yozishicha, Vashingtonning faollashuvi, jumladan, o‘ta muhim minerallar bo‘yicha Xitoy yetkazib beruvchilariga qaramlikni kamaytirish istagi bilan ham bog‘liq. O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va Qozog‘istonning uran sanoati Markaziy Osiyoning AQSh uchun strategik ahamiyatini oshirmoqda.

Davlat kotibi uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan suhbatda: “AQSh Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni istaydi”, deb bayonot berdi. “So‘nggi 20 yil ichida Markaziy Osiyoga siyosatchilarimiz tomonidan munosib darajada e’tibor qaratilmadi. Ammo vaziyat o‘zgarmoqda. Aynan shuning uchun biz hozir shu yerdamiz”, – dedi u.

Shu bilan birga, “The Straits Times” va “ABC News” nashrlari mintaqa mamlakatlarining Rossiya, Xitoy va boshqa hamkorlar bilan munosabatlarni saqlab qolishga intilishiga e’tibor qaratmoqda.

Marko Rubioning AQSh boshqa davlatlar bilan hamkorlikdan voz kechishni talab qilmagan holda raqobatlashishga tayyorligi haqidagi bayonoti Markaziy Osiyo mamlakatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosatini saqlab qolib, Amerika ishtirokini kengaytirish imkoniyatini aks ettiradi.

Marko Rubio Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy raqobat haqidagi savolga javob berar ekan, jurnalistlarga shunday dedi: “Qarang, axir bu raqobat-ku, to‘g‘rimi? Gap boshqa birov bilan muzokaralarni yoki boshqa bir mamlakat bilan hamkorlikni to‘xtating, deyish haqida ketmayapti. Masala bunda emas. Gap dunyoning barcha burchaklarida Amerika biznesi va savdosi uchun eshiklar ochilishini ta’minlash haqida bormoqda”.

“Vashington Rossiya, Xitoy va Eron o‘rtasida joylashgan hamda katta tabiiy resurslarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoni AQShning avvalgi ma’muriyatlari yetarlicha e’tibor qaratmagan mintaqa sifatida ko‘radi”, – deya ta’kidladi “The Epoch Times” nashri.

Xorijiy nashrlar tashrifning ahamiyatini diplomatik aloqalardan amaliy iqtisodiy hamkorlikka o‘tish bilan bog‘lamoqda. Uning natijalarining asosiy ko‘rsatkichi e’lon qilingan kelishuvlarning ro‘yobga chiqarilishi bo‘lsa, suv tanqisligi va iqlim xatarlari masalalari “The Diplomatic Watch” ta’kidlaganidek, kamroq e’tibor qaratilayotgan mintaqaviy muammolar qatorida qolmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish