Yangi Toshkent – O‘zbekiston taraqqiyotini o‘zida mujassam etgan ulkan loyiha
Oktabr 22, 2026. 16:00 • 3 daq
• 202ISLOMOBOD, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari, xususan, Yangi Toshkent shahri loyihasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “The Nation”, “Pakistan Observer”, “Daily Ittehad”, “Daily Financial Times”, “Imroze Pakistan”, “The Diplomatic Insight”, “Daily Digital Posts”, “Tns.World”, “Daily Sapeher Times”, “Daily Urdu Times”, “Urdu Times”, “Daily Big Digit”, “Infora News”, “Daily Sub News”, “Global News Pakistan”, “The News todays”, “Daily Afaq”, “Epi News”, “PCN58”, “Wattech”, “BNEWS99”, “Spinpk”, “The Azb” kabi OAVda Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida turkum maqolalar ingliz va urdu tillarida e’lon qilindi.
Nashrlarda O‘zbekiston poytaxti yaqinida barpo etilayotgan Yangi Toshkent shahri mamlakatdagi yirik va strategik ahamiyatga ega shaharsozlik loyihalaridan biri hisoblanishi ta’kidlangan. Ushbu ulkan bunyodkorlik tashabbusi aholi uchun zamonaviy va qulay yashash sharoitlarini yaratish, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Materiallarda yozilishicha, qurilishi uch yil avval boshlangan Yangi Toshkent zamonaviy, xavfsiz va “yashil” shahar sifatida barpo etilmoqda. Shahar uchun jami 20 ming gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda umumiy qiymati 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonda ilg‘or texnologik yechimlar va “yashil qurilish” standartlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Loyiha doirasida 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlarini barpo etish rejalashtirilgan.
O‘tgan davr mobaynida Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr kabi muhim obyektlar barpo etildi.
Yangi Toshkentning ahamiyati faqat uy-joylar va zamonaviy binolar qurilishi bilan cheklanmaydi. U kelgusida biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini birlashtirgan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi lozim. Bundan tashqari, FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilishi ham shaharning sport va xalqaro tadbirlar markazi sifatidagi salohiyatini oshiradi.
Maqolalarda Yangi Toshkentda mahalliy va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani alohida qayd etilgan. Ta’kidlanganidek, zamonaviy turar joy majmualari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turizm, logistika hamda innovatsion texnologiyalar sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




