Belarus delegatsiyasi Samarqandda yangi shartnomalar va qo‘shma loyihalar ustida ishlamoqda
Oktabr 23, 2026. 15:00 • 2 daq
• 26
MINSK, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Yuriy Karayev boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash hamda sheriklikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.
Grodno viloyati delegatsiyasi tarkibidan “Grodnoinvest” erkin iqtisodiy zonasi rahbariyati, o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish birlashmasi hamda go‘sht-sut va yog‘ochsozlik sanoatiga ixtisoslashgan bir qator yetakchi korxonalar vakillari joy oldi.
Dastur doirasida belaruslik mehmonlar Samarqand viloyatining yirik ishlab chiqarish quvvatlari va iqtisodiy salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi ma’muriyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari hududdagi maishiy texnika, metall mahsulotlari, to‘qimachilik va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Ular orasida muzlatkich va gaz plitalari ishlab chiqaruvchi “Sam Ferre” korxonasi, kuniga 100 tonnadan ortiq sutni qayta ishlovchi “Pure Milk” kompaniyasi hamda Markaziy Osiyodagi yetakchi gilam ishlab chiqaruvchilardan biri – “SAG” korxonasi bor.
Muzokaralar davomida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda ilm-fan va ta’lim sohasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlar Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurib, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash va qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rgandi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, yangi tijorat shartnomalari va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Grodno viloyatining MDH davlatlari orasidagi yirik uchta savdo hamkorlaridan biri sanaladi. Joriy yilning iyul oyida Grodno va Andijon viloyatlari o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Navbatdagi ushbu hududlararo muloqot O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi