Toshkentdagi O‘zbek-Turk media forumida 40 dan ortiq xorijiy jurnalist ishtirok etadi
May 31, 2026. 14:00 • 2 daq
• 150
ANQARA, 31-may. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 2-3-iyun kunlari O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida birinchi marta “O‘zbek-Turk media forumi” o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli anjuman ishtirokchilari tarkibidan Turkiyaning mahalliy va xalqaro darajada katta taʼsirga ega “NTV” telekanali, “Önce Vatan”, “Hakimiyet” gazetalari hamda “DHA” (Demirören) axborot agentligi vakillari joy olgan.
Forum doirasida, shuningdek, Ozarbayjon, Shimoliy Makedoniya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan 40 nafardan ziyod yetakchi jurnalistlar, tajribali muharrirlar hamda kommunikatsiya sohasi bo‘yicha xalqaro professorlar ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar. Mehmonlar tashrif yakunlari bo‘yicha o‘z taassurotlarini xorij OAVda keng yoritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ijodiy guruh aʼzolari forumdan tashqari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi diqqatga sazovor maskanlarga tashrif buyurib, mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatiga oid muhim maʼlumotlar bilan yaqindan tanishadilar. Bu esa yurtimizning global miqyosdagi sayyohlik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bo‘lajak nufuzli tadbir va uning ahamiyati haqida gapirar ekan, Global jurnalistlar kengashi raisi Mehmet Ali Dim O‘zbekistonga tashrif ham ommaviy axborot vositalari hamkorligi, ham ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi:
Biz O‘zbekiston bilan mavjud tarixiy aloqalarimizni ommaviy axborot vositalari diplomatiyasi orqali yana-da mustahkamlashda ikki davlatning rasmiy diplomatik saʼy-harakatlariga o‘z munosib hissamizni qo‘shishni maqsad qildik. Ushbu yirik tadbir va sermazmun uchrashuvlarimiz ikki qardosh mamlakat hamda umuman turkiy hamjamiyatning birdamligiga katta turtki berishiga ishonamiz. Loyihani qo‘llab-quvvatlagan barcha ishtirokchi aʼzolarimizga, O‘zbekistondagi hamkasblarimizga va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“The Gulf Observer”: Toshkent xalqaro investitsiya forumi – O‘zbekistonning Yevroosiyoning yetakchi investitsiya markazlaridan biriga aylanishga bo‘lgan intilishi ramzidir

Pokiston OAV: O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi tobora kengaymoqda


